Prezidentimizning 2020-yil 7-apreldagi “Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 47 ta tibbiyot kolleji Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari sifatida qayta tashkil qilingan edi.
Jumladan, mazkur qaror ijrosi yuzasidan Nukus shahri, Qoʻngʻirot va Xoʻjayli tumanlarida ham Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi tashkil etilgan edi. Ayni paytda ushbu kollejlarga 2020-2021 oʻquv yili uchun hujjatlar qabul qilinmoqda.
2020-2021 oʻquv yili uchun texnikumlarga qabul parametrlariga koʻra, Nukus shahridagi Jamoat salomatligi texnikumiga davlat granti asosida 21, toʻlov-shartnoma asosida 909, Qoʻngʻirot tumanida davlat granti asosida 12, toʻlov-shartnoma asosida 318, Xoʻjayli tumanida esa davlat granti asosida 26, toʻlov-shartnoma asosida 574 oʻquvchi qabul qilinishi belgilangan.
Bu yerda boʻlajak sogʻligʻimiz posbonlari hamshiralik, feldsher-akusherlik, stomatologiya, farmatsiya va feldsher-laborantlik ishi kabi yoʻnalishlarda tahsil oladi. Biologiya, tibbiy psixologiya, nutritsiologiya, diyetologiya, farmakologiya, kineziologiya, reabilitologiya va profpatologiya fanlari chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladi.
Oʻquv reja va dasturlari ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqiladi. Darslar tibbiyot yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlarining tajribali professor-oʻqituvchilari ishtirokida masofadan oʻqitiladi.
Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oʻz sohasiga mos boʻlgan tibbiyot yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali oʻqishga qabul qilinadi. Ular oʻqishni oliy oʻquv yurtlarining 2-kursidan boshlab davom ettiradi.
Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlariga hujjatlar shu oyning 25-sentyabriga qadar qabul qilinadi.
Ye.QANOATOV, OʻzA