Afgʻoniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar boshchiligidagi delegatsiya 28-29-avgust kunlari yurtimizda boʻlib, Hukumat, shuningdek, tashqi ishlar, investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari hamda boshqa idoralarda qator tadbirlarda ishtirok etdi.
Tashrif dasturiga koʻra, dastlab Oʻzbekiston va Afgʻoniston tashqi siyosat idoralari rahbarlari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport, aloqa va boshqa sohalardagi davlatlararo hamkorlikning holati hamda rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Suhbat davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy muloqotni yana-da kuchaytirish, xususan doʻst afgʻon diyorida barqaror tinchlik oʻrnatish yoʻlida birgalikdagi saʼy-harakatlarni rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mazkur uchrashuvning muhim jihatlarini taʼkidlab oʻtarkan, Oʻzbekiston birodar afgʻon xalqi bilan koʻp yillik doʻstona aloqalarni yana-da mustahkamlashdan manfaatdor ekanini qayd etdi. Bu galgi kun tartibi ham dolzarb va keng qamrovli ekanini taʼkidlab, mintaqaning umumiy taraqqiyoti uchun juda zarur boʻlgan Afgʻonistonda osoyishtalikka erishish yoʻlidagi hamkorlik tez orada oʻz natijasini berishiga ishonch bildirdi.
Vazirlar oliy darajadagi ikki tomonlama munosabatlar doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratishdi.
Oʻz navbatida, Afgʻoniston tashqi ishlar idorasi rahbari mamlakat rahbarining qizgʻin salomini yetkazarkan, Mustaqilligimizning 29 yilligi bayrami munosabati bilan ezgu tilaklarini izhor etdi. Hanif Atmar Prezident Shavkat Mirziyoyevga Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik va ijtimoiy-iqtisodiy qayta qurishga erishish yoʻlidagi faol qoʻllab-quvvatlashi hamda saʼy-harakatlari uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
– Oʻzbekistonning Afgʻonistonga nisbatan samimiy doʻstona munosabati, mintaqada tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish yoʻlidagi izchil tashabbuslari, qolaversa, qardosh afgʻon xalqini koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan oʻta murakkab va qiyin sharoitda bir necha bor insonparvarlik yordami bilan qoʻllab-quvvatlagani uchun cheksiz minnatdorlik bildiramiz, – dedi Hanif Atmar. – Bugungi kunda hamkorligimiz jadal rivojlanayotganidan mamnunmiz. Davlat rahbarlari oʻzaro aloqalarni har tomonlama kengaytirishga alohida ahamiyat berib kelishyapti. Mazkur tashrifdan koʻzlangan maqsadlar ham aynan Prezidentlarimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishdan iborat.
Tomonlar barcha sohalardagi koʻp qirrali hamkorlik yuqori surʼatda davom etayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Afgʻoniston kun tartibidagi boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.
Afgʻonistonlik mehmonlar mamlakatimizga tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan ham uchrashdi. Xorijiy delegatsiya tarkibidan, shuningdek, AIR Prezidenti maʼmuriyati, Transport vazirligi, Sanoat va savdo vazirligi, Markaziy Bank rahbarlari ham oʻrin olgan edi.
Uchrashuv chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport va logistika hamkorligining dolzarb masalalari, shuningdek, Afgʻonistonda energetika, temir yoʻl qurilishi, savdo va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
“Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi qurilishini jadallashtirish va tegishli bitim loyihasi ustida ishlash, Xalqaro avtotransport boʻyicha bitim loyihasini imzolashga tayyorlash doirasida ekspert muzokaralarini oʻtkazish masalalari ham diqqat markazida boʻldi.
Temir yoʻl transporti sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali transport yoʻlaklarini rivojlantirishda hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Savdo aylanmasini oshirish, jumladan, transchegaraviy savdoni kengaytirish va ikkala mamlakat bozoriga xaridorgir qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlarini yetkazib berishni tashkil etish maqsadida tegishli infratuzilmani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Muloqot davomida ikki tomonlama kelishuvlarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash hamda yuzaga keladigan barcha masalalarni tezkor hal etish maqsadida muntazam aloqalar mexanizmini joriy etishga ham kelishib olindi.
Oʻzbekiston bilan Afgʻoniston oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning chuqurlashuvi Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Uchrashuv yakunida “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Da Afghanistan Breshna Sherkat” kompaniyasi oʻrtasida Afgʻonistonga 10 yil davomida elektr energiyasi yetkazib berish toʻgʻrisida bitim imzolandi.
Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA