Maktabgacha taʼlim vazirligi bogʻchalar faoliyatini tiklashni rejalashtirmoqda (+video)
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida koronavirus sababli toʻxtatilgan faoliyat jarayonini tiklashga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.

Ushbu faoliyatni tiklashdan maqsad xodimlar va tarbiyalanuvchilar uchun xavfsiz muhitni taʼminlash orqali, bolalarni normal maishiy hayot, oʻyinlar va taʼlim jarayoniga qaytarishdir.

Bunda virus tarqalishi va uni yuqtirib olish xavfini bartaraf etish maqsadida joriy etilgan taqiq tartiblarini hisobga olgan holda, qoʻshimcha xavfsizlik choralari ham tatbiq etilishi koʻzda tutilgan.

Ammo bolalar oʻrtasidagi oraliq masofa, ularning ijtimoiy faolligi, amaliy mashgʻulotlari va rivojlantiruvchi oʻyinlariga xalaqit bermasligi lozim.

Maktabgacha taʼlim vazirligi BMT Bolalar jamgʻarmasining koʻmagida pandemiya sharoitida MTTlarda ish jarayoni qanday tamoyillar asosida tashkil etilishi tasvirlangan videorolik tayyorladi.

Uni koʻrsangiz pandemiya sharoitida bogʻchalar faoliyatini qanday tashkil etish mumkinligini batafsil tushunib olasiz.

 

OʻzA