Sirli joʻnatmalar Polshaga ham yetib keldi

Xitoydan oʻsimlik urugʻi solib yuborilayotgan, chiqish manzili nomaʼlum pochta joʻnatmalari endi Polshaga ham kirib keldi. Bu haqda mamlakat televideniyesida xabar berilgan.

Shunday joʻnatmalardan birini Silez oʻlkasidagi Yavojno qishlogʻida yashovchi fuqaro qabul qilib oldi. Tabiiyki, u shunga oʻxshash hech narsaga buyurtma bermaganini qayd etdi va “sovgʻa”ni tegishli xizmat xodimlariga topshirdi.

“Uni quti ichida hech bir izoh berilmagan qandaydir urugʻlar borligi, binobarin barcha yozuvlar Xitoy tilida bitilgani va shuning uchun ham tushunarsiz ekani xavotirga solgan. Qabul qilib oluvchi, hatto, bular nimaning urugʻi ekanini ham bilmagan”, – deydi Katovitse oʻlkasi Oʻsimliklar va urugʻlarni muhofaza qilish inspektori oʻrinbosari Agneshka Gurskaya. Mutaxassisning soʻzlari “RIA Novosti” xabarida keltirilgan.

Xuddi avvalgi, boshqa davlatlarga yuborilgan holatlarda boʻlgani kabi, bu gal ham joʻnatma tarkibi faqat urugʻlardan iborat, ammo sirtdan qaraganda “quti ichida Xitoy taqinchoqlari joylangandek taassurot uygʻonadi kishida”.

Oʻsimliklar va urugʻlarni muhofaza qilish davlat inspektori Anjey Zaman bu urugʻlar qishloq xoʻjaligi ekinlariga ziyon yetkazishi mumkin, deb hisoblaydi. Uning hamkasbi Agneshka Saxaydak esa voqealar rivoji salbiy tus olishda davom etadigan boʻlsa, ushbu vaziyatni bioterrorchilik harakati sifatida qabul qilish ham mumkinligini qoʻshimcha qilgan.

OʻzA bundan avval ayni muammoga AQSH, Yaponiya, Kanada, Yangi Zelandiya, Avstraliya va Yevropaning bir qator davlatlari ham duch kelgani, masalan, Buyuk Britaniyaga 100 dan ortiq shunday joʻnatmalar kelgani haqida yozgan edi. AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligi kelib chiqishi nomaʼlum kishilarga tegishli urugʻlarni ekmaslikni tavsiya etgan.

Buyuk Britaniyada allaqachon Qirollikning turli hududlariga yetib kelgan shunday joʻnatmalar haqida xabar va maʼlumotlar asosida surishtiruv ishlari boshlab yuborildi. Qayd etilishicha, qutilarga Xitoy iyerogliflari bilan turli belgilar qoʻyilgan yoki Xitoy pochta xizmatiga tegishli muhr tushirilgan.

Eng ishonchli izohlardan biri sifatida AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan ilgari surilgan “urugʻlar onlayn-doʻkon tizimi reytingini oshirish maqsadida yuborilmoqda” degan faraz eʼtirof etilyapti.

Xitoy esa oʻz navbatida qutilar sirtidagi davlat belgilari yasamaligini taʼkidlab, AQSHdan joʻnatmalarni tekshirish uchun Xitoyga qaytarishni soʻrayapti.

 

OʻzA