Hozir yoki hech qachon! Italiyada 96 yoshli kishi oliy oʻquv yurtini bitirdi

Italiyada 96 yoshga kirgan Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi Juzeppe Paterno oliy maʼlumot toʻgʻrisida diplom oldi va mamlakatdagi eng keksa bitiruvchiga aylandi. Ushbu xabar “Reuters” agentligi tomonidan tarqatilgan.

Atigi bir necha kun oldin Paterno Palermo universitetida bitirish imtihonlarining oxirgisini topshirdi va diplomni qoʻliga oldi. Universitet professori Francheska Rissuto urush faxriysini “yosh talabalar uchun haqiqiy namuna” ekanini taʼkidladi.

“Argumenti.ru (http://%D0%90rgumenti.ru) (http://%D0%90rgumenti.ru)” nashri Juzeppe Paternoning “2017-yil oʻzimga shunday dedim: yo hozir yo hech qachon. Keyin oʻqishga kirdim. Albatta, tushunardim, uch yil taʼlim olish va navbatdagi darajani qoʻlga kiritish uchun ancha kech edi. Shunday boʻlsada, bir sinab koʻraychi, qoʻlimdan kelarmikan, deb oʻyladim”, – degan soʻzlarini keltirgan.

Juzeppe Paterno Sitsiliya orolida kambagʻal oilada tavallud topgan. U avvaliga Harbiy dengiz flotiga oddiy piyoda qoʻshini askari sifatida qabul qilingan va Ikkinchi jahon urushida qatnashgan.

Hayratlanarlisi, keksa bitiruvchi diplom ishi matnini oʻtgan asrning 80 yillarida ishlab chiqarilgan eski yozuv mashinkasida terib chiqdi. Manba sifatida esa internetdan butunlay voz kechgan holda faqat kitoblar, bosma nashrlar materiallaridan foydalandi.

 

OʻzA