Oʻzbekistonda ishsizlik darajasi 13,2 foizni tashkil etdi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabariga koʻra, mamlakatimizda 2020-yilning yanvar-iyun oylarida ishsizlik darajasi 13,2 foizni tashkil etdi.
Joriy yilning iyun oyida vazirlikning Respublika bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan metodika boʻyicha respublikaning 101 ta shahar va tumanlarida navbatdagi ijtimoiy soʻrov oʻtkazildi. Unda 490 ta fuqarolarni oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, 4,9 mingta uy xoʻjaliklari hamda 25,9 ming nafar fuqaro qamrab olindi.
SOVID-19 pandemiyasi davrida koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan karantin chora-tadbirlari mehnat bozoriga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatdi.
Oʻtkazilgan tadqiqot natijalari respublikada ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholining 13,2 foiz tashkil etganligini koʻrsatdi.
Bu koʻrsatkich 2019-yilning shu davrida 9,1 foizga teng boʻlgan. Ishga muhtoj boʻlganlarning umumiy soni 1 944,0 ming kishini tashkil etadi. Shundan, 16-30 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasida ishsizlik darajasi- 20,1 foiz, ayollar oʻrtasida ishsizlik darajasi esa – 17,4 foizni koʻrsatmoqda.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra mehnat resurslari soni 19 084,6 ming kishini tashkil etib, 2019-yilning shu davriga nisbatan 0,6 foizga koʻpaygan boʻlsa SOVID-19 pandemiyasining iqtisodiyot subyektlari faoliyatiga salbiy taʼsiri natijasida iqtisodiyot tarmoqlarida band boʻlganlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga yoki 671 ming kishiga kamayib,
12 736,7 ming kishini tashkil qildi.
Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining rasmiy sektorda band boʻlgan aholi soni 5 581,2 ming kishini tashkil qilib, oʻtgan yil shu davrga nisbatan 0,2 foizga yoki 12,4 ming kishiga kamaydi.
Bunda koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan ayrim cheklov chora-tadbirlar sababli yakka tartibda tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchilar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 167,5 ming (46,4 foiz)ga kamayib ketganligi hisobiga yuzaga kelgan boʻlsa, 131,2 ming ishsizlarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilish hisobiga rasmiy bandlar soni keskin kamayish oldi olindi.
Tadqiqot natijalariga koʻra respublikadan tashqariga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketganlar soni 2 040 kishini tashkil etgan, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 553,2 ming, 2020-yilning 1-chorak yakuniga nisbatan esa 232,1 ming kishiga kamaygan.
Norasmiy sektorda band boʻlganlar soni (xorijda ishlayotgan mehnat migrantlarini hisobga olmaganda) oʻtgan yilga nisbatan 2,1 foizga yoki 105,3 mingga kamayib, 5 114,6 ming kishini tashkil etmoqda. Bunda asosan vaqtinchalik bir martalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchilar
(108,4 mingga kamaygan), mehnat munosabatlarini rasmiylashtirmasdan oilaviy korxonalarda va tadbirkorlarda ishlovchilar (87,6 ming), roʻyxatdan oʻtmasdan va tegishli ruxsatnomasiz faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlar (110,6 ming) soni kamaydi.
Shu bilan birga karantin chora-tadbirlari davrida uyda oʻtirgan fuqarolar soni oshganligi hamda fuqarolarning shaxsiy tomorqalarni rivojlantirish uchun Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan subsidiyalar berish dasturi hajmi keskin ortganligi uchun dehqon va shaxsiy tomorqalarda band boʻlganlar soni 201,1 mingga ortgan.
Tadbirkorlik subyektlari va oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga mehnat stajini hisobga olish va ragʻbatlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi berilishi norasmiy sektorda bandlar ulushini kamaytirish imkoniyatini bermoqda.
Respublikada iqtisodiy nofaol aholi soni 2019-yil mos davriga nisbatan 4,5 foizga oshgan. Ushbu koʻrsatkich oʻtkazilgan tadqiqot davomida tadbirkorlik va xizmat koʻrsatish sohasi vakillari karantin chora-tadbirlari davrida vaqtinchalik oʻz faoliyatlarini toʻxtatib turishlarini va cheklovlardan soʻng qayta tiklash niyatini bildirib, boshqa faoliyat bilan shugʻullanmaslikni afzal koʻrayotganligi sababli oshganligini koʻrsatdi.
2020-yilning yanvar-iyun oylarida, ayniqsa SOVID-19 pandemiyasining mehnat bozoriga salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida mehnat organlari tomonidan 588,2 ming(30 yoshgacha boʻlganlar 159,9 ming va ayollar 229,4 ming) ishsiz va band boʻlmagan aholiga xizmatlar koʻrsatildi.

 

O’zA