Musa Yerniyazov samarqandliklar uchun ham qadrli inson edi

Bugun Nukusda taniqli davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Qahramoni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari Musa Yerniyazov 73 yoshida vafot etdi.

Albatta, bu shum xabar qoraqalpogʻistonlik har bir yoshu qari kabi samarqandliklarni ham qalbini xufton qildi. Chunki rahbarlik va boshqaruv, shuningdek qurilish va kommunikatsiya masalalari sohasida Musa Tajetdinovich katta tajribaga ega inson edi. Bu borada Samarqandga qachon kelsa, oʻz maslahatlari, koʻp yillik faoliyatida orttirgan tajribalaridan kelib chiqib, dadil takliflar berar edi. Yutuqlarimizni baham koʻrardi.

Musa Tajetdinovich Qoraqalpogʻistonning chin farzandi, haqiqiy qahramoni edi. Bu yurtning har qarichini besh qoʻlday bilar, qayerda qanday muammo bor, odamlar qanday sharoitda yashayapti, nima qilinsa muammolar barham topadi, buning uchun qanday yechim kerak, barchasini bilardi. Shu bois hukumat oldiga masalalarni dadil qoʻya olardi.

Ayniqsa, Orol fojiasi, u qoldirgan asoratlarning oldini olish, bu yerda bugungi kun, orolboʻyida yashovchi aholi talablaridan kelib chiqib qanday loyihalar amalga oshirish zarurligi haqida aniq, istiqbolli loyihalar ishlab chiqqandi.

Shunday ezgu ishlari tufayli Musa Yerniyazov qoraqalpoq xalqining mehri, hurmatini qozongandi. Albatta, Musa Tajetdinovichda bu hurmat, salohiyatga erishish uchun poydevor bor edi. Yaʼni, M. Yerniyazov 1971-yili Toshkent qishloq xoʻjaligini irrigatsiyalash va mexanizatsiyalash muhandislari instituti, 1986-yili Toshkent oliy partiya maktablarida tahsil olgan.

1983–1989-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri, 1989–1990-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining doimiy vakili sifatida faoliyat koʻrsatgan.

2000–2001-yillarda Chimboy tumani hokimi, 2001–2002-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining industriyani rivojlantirish, qurilish va kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari boʻlgan.

2002-yildan buyon Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining raisi – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi oʻrinbosari edi.

2019-yil “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

Qoraqalpoq elining otasi, davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Qahramoni Musa Yerniyazovning porloq xotirasi qalbimizda mangu qolajak.

Samarqand viloyat hokimligi

 

OʻzA