Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan telefon orqali muloqot qildilar.

Turkiya yetakchisi davlatimiz rahbarini tugʻilgan kuni bilan samimiy muborakbod etdi.Suhbatda ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Davlat rahbarlari joriy yil fevral oyida Anqara shahrida oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni keng koʻlamli amalga oshirish muhimligini qayd etdilar.

Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik boʻyicha qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida oʻtkaziladigan hukumatlararo muloqotlarga muhim eʼtibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisiga pandemiyaga qarshi kurashda koʻrsatilayotgan koʻmak uchun minnatdorlik bildirdi.

 

O’zA