Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligida issiqlik taʼminoti tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida, sifatli bajarish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videokonferensiya yigʻilishida shu kabi masalalar atroflicha koʻrib chiqildi.
Joylarda amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilinib, vazirlik mutasaddilari va hududiy uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmalari boshliqlari hisoboti tinglandi. Soha faoliyatini yana-da takomillashtirish borasidagi vazifalar ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi.
Ayni payt mamlakatimizdagi mavjud 37 ming 109 ta koʻp kvartirali uyga 4 ming 453 uy-joy mulkdorlari shirkati (UJMSH) hamda 159 ta boshqaruv-servis kompaniyalar (BSK)i tomonidan xizmat koʻrsatiladi. Joriy yil 18-iyuldan boshlab hududlar kesimida Ishchi guruhlar tashkil etgan holda koʻp xonadonli uylarga xizmat koʻrsatayotgan UJMSH holati, aylanma mablagʻlardan foydalanish va hisob-kitob tizimini tahlil qilish ishlari olib borilmoqda. Bugungi kungacha hududlarda 45 parametrdan iborat namunaviy jadval asosida jami 950 ta UJMSH faoliyati tahlili oʻtkazildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Yigʻilishda shirkatlarning muammoli qarzdorligini qisqartirish borasida oʻtgan davr mobaynida samara bergan “Yagona hisob markazi” Davlat unitar korxonalari faoliyatini yana-da takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, uy-joy fondini boshqarish boʻyicha namuna koʻrsatgan Yunusobod tumani tajribasini aholi va tadbirkorlar orasida ommalashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilinib, tegishli vazifalar belgilab olindi.
Mutaxassislar tomonidan uy-joylar, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini 2020/2021-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalasi ham koʻrib chiqildi. Joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish doirasida 3 ming 212 ta uy-joy taʼmirlanadi. Bunda uylarning 540 ming kvadrat metr tom qismini mukammal taʼmirlash, 193,3 ming kvadrat metr joyni joriy taʼmirlash, 3 ming 685 ta kirish yoʻlagini tuzatish, 1 ming 605 ta temir eshik, 1 ming 793 ta kodli qulf oʻrnatish, 1 ming 888 dona yertoʻla qismidagi ichki muxandislik tarmogʻi va kommunikatsiya tizimini taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, 18 ming metrdan ziyod irrigatsiya tizimini tuzatish va 279,2 ming kvadrat metr uy oldi yoʻlagi (trotuar)ni beton qorishmasi bilan qoplash rejalashtirilgan. Bu ishlarni bajarish uchun jami 175 milliard soʻm mablagʻ talab etiladi.
Issiqlik va ichimlik suvi taʼminoti obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida issiqlik taʼminoti tashkilotlari tasarrufidagi jami 633 ta markaziy va lokal qozonxona hamda issiqlik tarmogʻida sinov-tekshiruv ishlari amalga oshiriladi. Natijaga qarab, joriy yil 50 ta markaziy va 87 ta lokal qozonxona, 852 ta qozon, 990,3 kilometr issiqlik tarmogʻi mukammal va joriy taʼmirlanishi, tarmoqning 99,1 kilometr qismi izolyatsiya qilinishi, 472 dona nasos uskunasi mukammal va joriy taʼmirlanishi koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, 673,5 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi va 2 168 dona nasos uskunasini mukammal va joriy taʼmirlash rejalashtirilgan.
Yigʻilishda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlash, isteʼmolchilarni elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, koʻmir mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash jarayonini oʻrganish va holatni nazorat qilishning joriy ahvoli koʻrib chiqildi.