Tibbiyot xodimlariga qoʻshimcha toʻlovlar toʻlab berildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qonlikoʻl tumani adliya boʻlimi aralashuvi bilan tuman tibbiyot birlashmasining 5 nafar xodimiga qoʻshimcha toʻlov toʻlab berildi.
Bu haqda tuman adliya boʻlimi boshligʻi Timur Asanov OʻzA muxbiriga maʼlum qildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari, Sogʻliqni saqlash vazirliklari bilan birgalikda tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qoʻshimcha toʻlovlar joriy qilish belgilangan edi.
Tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar boʻlimi xodimlarining adliya boʻlimiga murojaatini oʻrganish davomida J.A. 13 kunlik faoliyat davri uchun 1 million 41 ming 56 soʻm, Ye.J. 14 kunlik faoliyat davri uchun 1 million 233 ming 559, X.G. 17 kunlik faoliyat davri uchun 1 million 993 ming 16, Yu.R. 17 kunlik faoliyat davri uchun 1 million 361 ming 381, B.B. 17 kunlik faoliyat davri uchun 1 million 497 ming 891, jami 7 million 126 ming 903 soʻm qoʻshimcha toʻlov toʻlab berilmaganligi maʼlum boʻldi.
Natijada bugungi kunga xodimlarning qoʻshimcha toʻlovlari toʻliq toʻlab berildi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA