Lotin Amerikasida koronavirus bilan bogʻliq vaziyat juda tashvishli ekani aytilmoqda

Mazkur mintaqada koronavirus infeksiyasini yuqtirish va uning faol tarqalishi tahdidi hamon yuqoriligicha qolmoqda, dedi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) sogʻliqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlar boʻyicha dastur direktori Maykl Rayan Jenevada oʻtkazilgan brifingda.
“Lotin Amerikasidagi qariyb barcha mamlakatlarda odamlar orasida infeksiya yuqtirish ehtimoli hamon katta. Yuqish darajasi bir mamlakatda barqarorlashsa, boshqasida ortib bormoqda. Boliviya, Kolumbiya va boshqa bir qator mamlakatlarda murakkab vaziyatga guvoh boʻlmoqdamiz, chunki bu mamlakatlarda infeksiyani yuqtirish miqdori oxirgi haftalarda jadal oʻsmoqda. Bularning barchasi Lotin Amerikasida COVID-19 ning odamlardan odamlarga faol yuqishi xavfli tus olganini bildiradi”, – dedi u.
Oʻz navbatida, JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus ham mahalliy xalqlar, jumladan Amerika qitʼasidagilar ham virus tarqalishi xavfi oldida ojiz qolayotganini xavotir bilan qayd etdi.
“Mahalliy aholi shundoq ham qashshoqlik, ishsizlik, toʻyib ovqatlanmaslik va turli yuqumli boʻlmagan xastaliklar tahdidi ostida kun koʻradi. Endi esa ular COVID-19 oldida ojiz qolmoqda”, – deya taʼkidladi u.
JSST maʼlumotlariga koʻra, Amerika qitʼasida mahalliy xalqlar orasida 70 ming kishida koronavirus aniqlangan, ikki mingdan ziyod kishi vafot etdi. Masalan, yaqinda Pera Amazoniyasida istiqomat qiladigan elatlarning birida koronavirus bilan bogʻliq oltita holat aniqlangan.

 

OʻzA