Koronavirusga chalingan 1 kishi bir kunda 90 tagacha fuqaroga kasallikni yuqtirish holati uchramoqda...

Bu Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi Qahramon Sariyevning aholiga yoʻllagan murojaatida alohida taʼkidlandi.
Barchangizga maʼlum bugungi kunda koronavirus pandemiyasi butun dunyo aholisini tashvishga solmoqda. Ming afsuski, koronavirus infeksiyasi mamlakatimiz aholisi orasida ham kun sayin keng tarqalmoqda. Bu asosan fuqarolarimiz tomonidan oʻzini ehtiyot qilmasdan, kasallik xavfini tushunmay, karantin talablarini bajarmaganligi oqibatida yuzaga kelmoqda.
Qayd etilganidek, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, birinchi navbatda aholi salomatligini himoya qilish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha 10 ming 543 nafar fuqaro karantin nazoratiga olingan. (shundan 437 nafari tibbiyot muassasasida, 10106 nafari uy sharoitidagi karantinda).
Shuningdek, COVID –19 bilan kasallangan bemorlarni davolash, ularni zarur dori va himoya vositalari bilan taʼminlash yuzasidan barcha choralar koʻrilmoqda. Xususan, bemorlarni davolash uchun 790 oʻrinli 8 ta statsionar klinika va maxsus shifoxonalar yoʻnaltirilgan. Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni ortib ketgan taqdirda davolash jarayonlarini tashkil etish uchun tibbiyot muassasalarida 3 mingdan ortiq koyka oʻrin zaxira qilinib, tayyor holatga keltirildi. Bundan tashqari, Nukus shahrida 1000 oʻrinli karantin saqlash majmuasi va 100 oʻrinli maxsus shifoxona qurilmoqda.
Ushbu tibbiyot muassasalarida bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish uchun 2 ming 74 nafar shifokor va 13 ming 327 nafar tibbiyot xodimi xizmat koʻrsatishi belgilangan. Bemorlar bilan aloqada boʻladigan shifokor va tibbiyot xodimlari barcha himoya vositalari bilan taʼminlangan. Hozirda tibbiyot muassasalari zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlangan, jumladan, 47 ta sunʼiy nafas berish apparati (IVL), 92 ta shprisli dozator, 68 ta kardiomonitor va 300 ta kislorod balloni va kislorod yetkazib berish bilan taʼminlangan. Shuningdek, 1 milliard soʻmlik 700 dan ortiq bemorga yetadigan dori vositalari zaxirasi shakllantirilgan. Bugungi kunga qadar barcha tibbiyot muassasalariga mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 5 milliard soʻmlik tibbiy asbob-uskuna, dori vositalari hamda himoya vositalari yetkazib berildi. Ushbu dori vositalari COVID-19 bilan kasallangan bemorlarga bepul berilmoqda.
Bugungi kunda fuqarolarda koronavirus kasalligini aniqlash uchun test sinovlarini topshirish 3 ta oʻrinda (6 ta PZR apparati mavjud) tashkil etilib, 44 mingdan ortiq fuqaro tekshirildi. Qoʻshimcha 6 ta test topshirish apparati (PZR) yaqin kunlarda olib kelinishi rejalashtirilgan. Aholiga tez tibbiy yordam koʻrsatish, kasallik belgilari mavjud fuqarolarni shifoxonalarga yetkazish uchun Nukus shahrida 20 ta mobil brigada va Vazirlar Kengashining zaxira mablagʻlari hisobidan barcha tumanlarda 5 va 6 ta mobil brigada tashkil etildi. Qoʻshimcha ravishda yana – 20 ta Damas avtomashinasi mobil brigadalarga berildi. Tez yordam brigadalarida 838 nafar shifokor va 1091 nafar feldsher xizmat koʻrsatmoqda.
Sogʻliqni saqlash tizimida qisqa raqamli call-center tashkil etilib, kunu-tun xizmat qilmoqda. Fuqarolarimiz bu yerdan zarur tibbiy maslahat va yordam olishlari mumkin.
Pandemiya davrida kam taʼminlangan va yordamga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash eng muhim vazifa sifatida qaralmoqda. Bu borada, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasiga homiylar tomonidan 6 milliard 700 million soʻm kelib tushgan. Shundan, 11 ming 593 ta oilaga 2 milliard 740 million soʻmlik yordam koʻrsatildi. Hozirda jamgʻarmada 4 milliard soʻm mablagʻ mavjud boʻlib, barcha muhtoj oilalarga yordam koʻrsatish imkoniyati bor.
Shuni alohida qayd etishim joiz, homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlariga murojaatlarni qabul qilish maqsadida 1197-qisqa raqamli telefon tarmogʻi (call-center) ishga tushirildi. Shuningdek, har bir shahar va tumanlarda maxsus telefon raqamlari yordam koʻrsatish uchun ishlab turibdi. Har bir yordamga muhtoj fuqaro ushbu call-center-ga murojaat qilib, qisqa muddat ichida zarur oziq-ovqat va dori-darmon vositasi bilan taʼminlanmoqda.
Yana bir muhim masalalardan biri zarur oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlari zaxirasini yaratish, narxlarning asossiz oshib ketishining oldini olish borasida barcha choralar koʻrilmoqda. Xususan, aholining oziq-ovqat mahsulotiga boʻlgan talabi hisob-kitob qilinib, belgilangan hajmlarda ishlab chiqarish uchun fermer va dehqon xoʻjaliklari yer maydonlariga bahor oylarida zarur qishloq xoʻjaligi ekinlari ekildi.
Narxlar oʻsishining oldini olish maqsadida Nukus shahri va tumanlarda (shu jumladan olis qishloqlarda) jami 200 tadan ortiq koʻchma savdo yarmarkasi tashkil etilib, un, goʻsht, oʻsimlik yogʻi, guruch, kartoshka, piyoz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari arzon narxlarda sotilishi yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi tarqalishini oldini olish borasida kuchaytirilgan karantin talablari joriy etilishi hamda judayam koʻplab targʻibot va tashviqot ishlari olib borilishiga qaramasdan fuqarolarimiz bu kasallikning xavfini tushunib yetmayapti. Natijada fuqarolarimiz tomonidan koʻchalarda toʻplanib yurish yoki zarurat boʻlmaganda hech qanday ishsiz, bekorga koʻchalarda yurish holatlari, tibbiy niqoblar taqmasdan karantin talablarini buzish holatlari uchramoqda.
Xususan, 16219 ta holatda fuqarolarimiz maʼmuriy javobgarlikka tortildi (shundan 2 tasi jinoiy javobgarlik), bularning aksariyat qismi jamoat joylarida niqobsiz yurish bilan bogʻliq boʻlmoqda. Shuni alohida aytib oʻtish joiz, fuqarolarimizning eʼtiborsizligi, ijtimoiy masofa saqlamasdan yurishlari oqibatida 1 nafar kasalga chalingan fuqaro bir kunda 90 tagacha fuqaroga yuqtirish holati uchramoqda. Albatta bunday holatlar barcha fuqarolarimizga saboq boʻlishi shart.
Shu nuqtayi nazardan, fuqarolarimizdan bu kasallikning qanchalik xavfli ekanligini yuragidan his qilgan holda, karantin tartib-talablariga qatʼiy amal qilishlarini, birinchi navbatda har birimiz oʻz oilamiz, bolalarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga qatʼiy amal qilib, birgalikda kasallikning oldini olishlarini, Ichki ishlar, Milliy gvardiya va Sanitariya-epidemiologiya nazorati xodimlari hamda shifokorlarning tavsiyalariga amal qilishlarini soʻragan boʻlardik. Koronavirus pandemiyasi davrida xalqimiz bilan yana-da jipslashib, ahil va hamjihat boʻlib, bu murakkab sinovlarni albatta yengib oʻtamiz.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA