Tadbir Oliy Majlis Senati, Tashqi ishlar vazirligi hamda BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.Oʻzbekiston BMTning toʻlaqonli aʼzosi, shuningdek, 2015-yil sentyabrda BMTga aʼzo barcha 193 ta davlat tomonidan qabul qilingan 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror taraqqiyot sohasidagi kun tartibini imzolagan tomon sifatida xavfsiz va sogʻlom sayyorada barcha odamlar uchun tenglik, taraqqiyot, qadr-qimmat va adolat hukm suradigan tinchlikka intilish boʻyicha global majburiyatni oʻz zimmasiga oladi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan “Yoʻl xaritasi”ning maqsadi haqida gapirdi. Shu bilan birga, BMT va uning tizimidagi muassasalar bilan milliy, mintaqaviy va global miqyosdagi sheriklik aloqalarini yana-da faollashtirish va kengaytirish borasidagi rejalarga toʻxtaldi.
– Shu yilda tashkilotning 75 yilligi nishonlanmoqda. Oʻtgan yillar davomida insoniyat qanday yutuqlarga erishgan boʻlsa, bunda tashkilotning oʻrni muhim. Shu jihatdan BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish juda dolzarb. Hamkorlikni yangi darajaga koʻtarish boʻyicha Harakatlar rejasi (yoʻl xaritasi) ishlab chiqildi. “Yoʻl xaritasi” 17 yoʻnalishni oʻz ichiga oladi. Bu, shuningdek, davlatimiz rahbarining tashqi siyosiy tashabbuslari, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan takliflarini oʻz ichiga oladi. Yana bir muhim jihat shundaki, endilikda Harakatlar rejasiga muvofiq, BMT institutlarida faoliyat yuritish uchun Oʻzbekiston ham oʻz nomzodlarini kiritish imkoniyatiga ega boʻladi. Ilgari nima uchun jahon miqyosidagi xalqaro nufuzli tashkilotlarda bizning kadrlar ishlamaydi, degan fikr oʻylantirardi.
Harakatlar rejasi barcha, ayniqsa, jamiyatning eng zaif va ehtiyojmand qatlami uchun inson salohiyatini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida milliy, mintaqaviy va global darajalarda BMT tizimi bilan hamkorlik munosabatlarini chuqurlashtirish hamda mustahkamlashga qaratilgan.
2020-yilda BMTga asos solinganligiga 75 yil toʻladi. Mazkur yubiley yilida koʻp tomonlama yondashuvga sodiqlik belgisi sifatida Oʻzbekiston hukumati ushbu Harakatlar rejasini qabul qiladi.
– Ushbu Harakatlar rejasi Oʻzbekistonning koʻp tomonlama munosabatlarga sodiqligining muhim namoyishidir, shu bilan birga global hamjihatlik har qachongidan ham koʻproq talab qilinadi. Ushbu Harakatlar rejasi Oʻzbekiston va BMT hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga yordam beradi, deb oʻylayman. Bundan tashqari, ushbu hujjatning BMT Nizomi kuni arafasida qabul qilinishi ramziy maʼnoga ega. Bundan 75 yil oldin, 26-iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi imzolangan edi, unga binoan dunyoning barcha mamlakatlariga tinchlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari uchun birgalikda saʼy-harakatlarni amalga oshirish majburiyati yuklandi, – deydi BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer.
Harakatlar rejasi hukumat zimmasiga barcha insonlar, ayniqsa, eng zaif va ehtiyojmand kishilar salohiyatini rivojlantirishga koʻmaklashish, tinch, taraqqiy etadigan, barqaror va mustahkam dunyo yaratish maqsadida milliy, mintaqaviy hamda global darajalarda BMT tizimi bilan hamkorlik munosabatlarini chuqurlashtirish va mustahkamlash majburiyatini yuklaydi.
Sessiyada BMT va Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasida hamkorligi natijalari, Oʻzbekistonda turli sohalarda islohotlarni amalga oshirishda BMT va uning ixtisoslashgan tashkilotlari imkoniyati masalalari ham diqqat markazida boʻldi.