“Saxovat koʻmagi”ni Turkiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, Turkiyaning muvofiqlashtirish va hamkorlik agentligi (TIKA) rahbari va boshqa rasmiy delegatsiya vakillari topshirdi.
Guliston shahridagi Alisher Navoiy xiyobonida Turkiyadan keltirilgan gumanitar yordamni kuzatib kelgan delegatsiya aʼzolarini Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ. Mirzayev boshchiligida viloyat prokurori Ravshan Masharipov va bir guruh mehnat faxriylari va mutasaddilar kutib oldi.
Viloyat hokimi Gʻ. Mirzayev, Oʻzbekistonning yaqin doʻsti Turkiya davlati va qardosh turk xalqiga koʻrsatilgan saxovat yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirib, ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro doʻstona hamkorlik aloqalari yildan yilga mustahkamlanayotganini taʼkidladi.
Turkiyaning muvofiqlashtirish va hamkorlik agentligi (TIKA) Sardoba fojiasi jabrdiydalariga yana bir bor gumanitar yordam jamlamasini yetkazib bermoqda. Bu galgi insonparvarlik yordami 4000 komplekt koʻrpa-toʻshak, yostiq va yotoq jamlamalarini oʻz ichiga olgan boʻlib, 6 ta “Fura” maxsus yuk tashuvchi mashinalarida olib kelindi.
Turkiya tomonidan koʻrsatilgan insonparvarlik yordami Guliston shahridagi “Alpomish” sport majmuasida tashkil etilgan vaqtinchalik omborga tushirildi.
Viloyat hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan aniq chora-tadbirlarga asosan insonparvarlik yordami toshqindan zarar koʻrganlar, yordamga muhtoj oilalarga tarqatildi.