Xorijda oʻqish uchun 20 ming 300 AQSH dollari toʻlaganlar aldanib qoldi

Xorijiy davlatlardagi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilayotganlar koʻpayib qoldi.

Ammo ularning hammasiga ham ishonib boʻlmaydi. Andijon viloyatining Asaka tumanida fuqarolarni Koreyaga oʻqishga yuborish maqsadida ochilgan muassasa ham bundan mustasno boʻlmadi.Mazkur muassasa fuqarolardan shu maqsadda 20 ming 300 AQSH dollarini olgan. Biroq, toʻplangan katta miqdordagi pul muassasa rahbarlarini qingʻir yoʻlga boshladi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Asaka tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshirishda “S” nodavlat taʼlim muassasasi rahbari T.N. va boshqalar 2019-yil davomida bir necha fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Koreya davlatidagi oliygohlarga oʻqishga kiritib qoʻyish hamda viza olib berish evaziga 20 ming 300 AQSH dollari va 8 million soʻmni firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgani aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan N.T. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

 

OʻzA