“Toshkent” avtovokzalidan qaysi hududlarga avtobuslar qatnovi tiklandi?

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq 15-iyundan “sariq” va “yashil” toifaga kiruvchi hududlar oʻrtasida mahalliy yoʻnalishlarda avtobuslar harakati qayta yoʻlga qoʻyilgani haqida xabar bergan edik.

Avtobuslar qaysi hududlarga boradi? Chiptalar narxi qancha? Avtovokzalda karantin qoidalariga toʻliq rioya qilinmoqdami?

OʻzA muxbirlari shu kabi savollarga javob topish maqsadida “Toshkent” avtovokzalida boʻlib qaytdi.

Avtovokzalga kirishda tana haroratingiz oʻlchanadi. Tana harorati 37 darajadan yuqori boʻlganlarga avtovokzal xizmatlaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Hududda maxsus yoʻlakchalar qilingan, oʻrindiqlar, kassa oldida ijtimoiy masofa saqlanishini eslatuvchi belgilar oʻrnatilgan.

– Avtovokzalda Respublika maxsus komissiyasining barcha talablari amalga oshirilmoqda. Jumladan, hudud har toʻrt soatda dezinfeksiya qilinmoqda. Yoʻlovchilar chipta xarid qilish uchun vokzalga kelishi shart emas. Ular avtoticket.uz (http://%D0%B0vtoticket.uz) veb-sayti orqali kerakli yoʻnalishni osongina topishi va chiptalarni tezkorlik bilan xarid qilishi mumkin. Bundan tashqari, 71-207-87-00 ishonch telefoni orqali ham qoʻshimcha maʼlumot olish imkoniyati yaratilgan, – dedi «Oʻzavtovokzal» DUK direktori vazifasini bajaruvchi Mirakbar Ikromov.

Kassa xodimidan qaysi yoʻnalishlarga avtobuslar qoʻyilganini soʻradik. Maʼlum qilishicha, Samarqand, Qarshi, Termiz, Denov, Navoiy, Urganch va Nukusga chiptalar bor. Yoʻl haqqi oshirilmagan, karantindan oldingi narxlar saqlab qolingan.

Avtovokzalda avtobuslar yoʻlovchilarni “kutib” turibdi. Avtobuslar yoʻlga chiqishidan avval va manziliga yetib borganidan soʻng ham dezinfeksiya qilinadi.

– Korxonamiz parkini zamonaviy avtobuslar bilan taʼminlash uchun Xitoyning “Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.” kompaniyasidan 168 koʻp oʻrindiqli avtobus sotib olganmiz. Pandemiyagacha korxona 19 shaharlararo va 19 xalqaro yoʻnalishda muntazam qatnovlarni amalga oshirib kelayotgan edi. Bugun karantin qoidalariga rioya qilish boʻyicha haydovchilarga tegishli koʻrsatmalar berildi. Biz fuqarolarimizga zamonaviy xizmat koʻrsatish, ularni manziliga xavfsiz va qulay sharoitlarda yetkazishga alohida eʼtibor qaratyapmiz, – dedi “Uzautotrans Service” kompaniyasi bosh direktori Azizjon Hamroaliyev.

– Oʻttiz yildan buyon haydovchilik qilaman. Yana yurtdoshlarimizning uzogʻini yaqin qilish uchun xizmatga bel bogʻladik. Niqoblarni har ikki soatda, kombinezonni esa bir kunda almashtirish boʻyicha koʻrsatma oldik. Yoʻlovchilarni belgilangan manzilga olib borgunimizcha biror joyda toʻxtamaymiz. Bunga ehtiyoj ham yoʻq. 51 yoʻlovchiga moʻljallangan avtobusda yoʻlovchilar uchun barcha qulayliklar bor. Yumshoq oʻrindiqlar tepasida havo deflektori, individual yoritish chiroqlari, konditsioner, karnay joylashgan, telefonni quvvatlash qurilmasi mavjud. Avtobus salonida hojatxona ham bor, – dedi haydovchi Tojiboy Parpiyev.

 

Xurshid QODIROV, Oqil GʻULOMOV (surat), OʻzA