Chingiz Aytmatov oʻzbekistonlik publitsist-jurnalistga nega qoshiq sovgʻa qilgan edi?

27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni
 
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, taniqli publitsist Nusrat Rahmatni koʻpchilik yaxshi taniydi. Qalami oʻtkir, soʻzi salmoqli ijodkor. Nusrat aka qishloq xoʻjalik institutini bitirib, qisqa vaqt entomolog boʻlib ishlagani, ammo talabalik davridan xabar va maqolalar yozib, tahriyatlar eʼtiboriga tushgani uchun Samarqand viloyatining bosh gazetasiga ishga taklif qilishgani va shu bilan bu insonning hayoti jurnalistikaga bogʻlanganini ham koʻpchilik yaxshi biladi.
Nusrat akaning viloyat, keyinchalik respublika gazeta va jurnallari oʻtkir chiqishlar qilgani, oʻnlab kitoblar nashr etgani va hatto bir kitobining qalam haqiga mashina olganini oʻz vaqtida, hatto bugun ham u kishining safdoshlari, shogridlari zavq bilan hikoya qilishadi. Gohida u kishining oʻzi ham bu haqda eslab, qaysi maqolani qanday yozgani, xizmat safarlarida qanday sarguzashtu voqealar boshidan oʻtganini goh mahzun, goh xandon otib kulib eslaydi. Buyam qay bir jihati bilan biz uchun saboq, maktab boʻladi.
Ustozning yana bir oʻziga xos, boshqalarga oʻxshamagan odati borki bu u kishini yaqindan taniganlarga yaxshi maʼlum. Bilmaganlar uchun esa albatta, qiziqarli. Gap Nusrat akaning qoshiqlar kolleksiyasi haqida.
Har kimning qiziqishi turlicha-da – birov turli xil tangalarni toʻplaydi, boshqasi marka, konvert yigʻadi, kimlardir jonivorlarga qiziqadi, yana koʻpchilik oʻyinchoqlar, esdalik buyumlari kolleksiyasini yaratishga intiladi. Bu masalada Nusrat akaning “ishqi” qoshiqlarga tushgan.
– Har bir xalqning oʻz ovqatlanish, oshxona madaniyati boʻlgani singari ular foydalanadigan qoshiqlar ham bir-biridan farq qiladi, – deydi Nusrat aka. – Toʻgʻri, bugunga kelib hamma joyda asosan, metall, yelim qoshiqlardan foydalanishadi. Oʻzimiz ham bunga koʻnikib qolganmiz. Lekin mken yogʻochdan yoki boshqa tabiiy buyumlardan yasalgan qoshiqlarga qiziqib, ularni toʻpalaganman. Bu qoshiqlarning har biri qaysidir bir xalqning, elatning tarixi, madaniyati, anʼanalarini ifodalaydi. Afsuski, bugun qoshiq yasaydigan usta, hunarmandlar ham yoʻq, sababi bunga ehtiyoj yoʻqolib ketdi. Qashqadaryoda bir ustani tanirdim, hozir u kishi bu dunyodan oʻtgan. Zamon zayli shunaqa ekan-da. Bilmadim, endi bunday qoshiqlar faqat esdalik uchun tayyorlanadimi, agar shu ishga qunt qiladigan usta boʻlsa, albatta. Xullas, qirq yil davomida ikki yuzdan ortiq, bir-biriga oʻxshamaydigan qoshiqlarni toʻpladim. Qaysi yurtda boʻlsam, bozorlar, antikvar va sovgʻalar doʻkonlaridan yogʻoch qoshiq izladim. Keyinchalik, meni bu qiziqishimni bilgan farzandlarim, qarindosh-urugʻlar, doʻstlarim ham chetga borsalar, eng yaxshi sovgʻa deb, qoshiq koʻtarib keladigan boʻlishdi.
Nusrat aka hozir uyida bitta xonani qoshiqlar va ish faoliyati davomida oʻzi foydalangan ashyolar, kitoblar, suratlarga ajratgan. Hafsala qilib, ularni tartib bilan joylashtirgan, misoli bir kichik muzey. Bu muzeyning rahbari ham, ashyolar haqida hikoya qiluvchi ham ustozning oʻzi.
– Mana bu qoshiqni menga jondek ukam, hamkasbim, rahmatli Mirsharif Xoʻjayev sovgʻa qilgan, – deydi Nusrat aka bir tomoni qoshiq, ikkinchi tomoni sanchqi tarzida yogʻochdan ishlangan buyumni koʻrsatib. – Yahudiylarning qoshigʻi. Ming yillik tarixiga ega. Ha, aytgancha, Xitoy imperatorlarining oʻn asrlik qoshiqlari ham kolleksiyamning bir boʻlagi. Eʼtiborlisi, bu qoshiqlarning biri suyuq ovqatlar uchun, ikkinchisi quyuq taomlarga moʻljallangan. Hindlarning Braxma haykalchasi naqsh etilib yasalgan yoki afrikaliklarning kokos yongʻogʻi poʻchogʻidan tayyorlagan, turklarning marmardan ishlangan qoshiqlari, bulgʻorlarning may ichishga moʻljallangan qoshigʻi ham bugun ancha kamyob. Hatto chigʻanoqdan tayyorlangan qoshiqlar bor bu yerda. Ruslarning qoshiqlari ranglanib, zeb berilgani bilan farqlansa, oʻzimizning qoshiqlar boʻyalmagani bilan ajralib turadi. Lekin ota-bobolarimiz, momolarmiz issiq taomga qaysi, sut va qatiq uchun qanaqa qoshiq ishlatish kerakligini yaxshi bilishgan, ularning koʻrinishi, dastasining uzun yoki qisqaligiga qarab farqlashgan.
Keyin Nusrat aka Chingiz Aytmatov, Mashrab Boboyev, Oshiq Erkin va boshqa ijodkor doʻstlari sovgʻa qilgan qoshiqlarni koʻrsatib, ular bilan bogʻliq qiziqarli voqealarni soʻzlaydi.
– Chingiz Aytmatov bilan Moskvada oʻtkazilgan bir anjumanda koʻrishgandim, – deb soʻzida davom etadi ustoz jurnalist. – Tanaffus paytida oldiga borib, salom-alik qildim va oʻzimni tanishtirib, “Men redaksiyadanman…” (qayta nashrida bu kitobni “Men muxbirman” deb oʻzgartirganman) degan kitobimni berdim. Oradan bir necha yil oʻtgach, qadrdonim Anvar Joʻraboyev (oʻsha paytda “Markaziy Osiyo madaniyati” gazetasining muharriri edi u) Chingiz ogʻa bilan uchrashganida buyuk yozuvchi men haqimda soʻraydi undan. Kitob va maqolalarim, ijodim toʻgʻrisida gapirgan Anvar suhbat orasida mening qoshiq toʻplash “odatim” haqida ham aytadi. Shunda Chingiz Aytmatov bitta qoshiq tutqazib, “Buni mendan sovgʻa sifasida Nusratga bering” deydi. Hozir bu qoshiq mening kolleksiyamdagi eng qadrli ashyolardan biri. Har gal uni koʻrganimda, qoʻlga olganimda buyuk adib bilan bogʻliq xotiralarni yodga olaman.
Bu xonadan oʻrin olgan, Nusrat aka ilk bor foydalangan harf terish mashinkasi va birinchi kompyuteri, kitoblarining dastlabki nusxalari, sahifalari sargʻayib ketgan gazetalar, bugun kamyob boʻlgan oq-qora suratlar – hamma-hammasi sakson yosh ostonasidagi otaxon jurnalist hayotining bir boʻlagi. Ularning har biri bilan bogʻliq shirin xotiralari bor.

 

Gʻolib HASANOV, OʻzA