Taxtakoʻpir katta oʻzgarishlar ogʻushida

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxtakoʻpir tumanida aholini, shu jumladan, yoshlarning bandligini taʼminlash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi vazifalarga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda Orolboʻyining barcha hududlari singari Taxtakoʻpirda ham keng koʻlamli bunyodkorlik ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 7-noyabrdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash doirasida qator loyihalar olib borilmoqda.
Tumandagi “Agrokompleks Qoraqalpogʻiston” Oʻzbekiston – AQSH qoʻshma korxonasi shaklidagi masʼuliyati cheklangan jamiyatida bugungi kunda Qozogʻistondan keltirilgan 178 bosh naslli mol boqilmoqda. Yaqin kunlarda Germaniya davlatidan 124 bosh naslli mol olib kelinadi. Bu yerda kelajakda chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlaydigan sex barpo etish rejalashtirilgan.
photo_2020-06-14_20-13-36.jpg
Tumanda aholi, shu jumladan, xotin-qizlarning bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilning boshida foydalanishga topshirilgan “BARNO-TEKSTIL-PLYUS” masʼuliyati cheklangan jamiyatida 45 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda. Korxona rahbari Ulbosin Annaboyevaning taʼkidlashicha, yaqin kunlarda ishchilar soni 150 nafarga yetkaziladi. Chevar qizlar tomonidan tayyorlanayotgan 15 xildagi mahsulot ichki bozorda sotilayotgan boʻlsa, kelajakda Rossiya Federatsiyasi, Turkiya davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda tumanda 1000 tomoshabinga moʻljallangan zamonaviy futbol oʻyingohi, maktabgacha taʼlim tashkiloti, Bandlikka koʻmaklashish markazi, Davlat xizmatlari markazi binolarining qurilishi, Madaniyat saroyi, tuman tibbiyot birlashmasi, ikkita umumtaʼlim maktabi imoratini rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda.
Pandemiya davrida kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida 356 ta oilaga oziq-ovqat mahsuloti, 10 bosh qoramol, 34 bosh qoʻy-echki, 600 ta joʻja topshirildi.
photo_2020-06-14_20-13-40.jpg
Karantin sharoitida ishsiz qolgan 246 nafar fuqaroni qishloq xoʻjaligiga, 225 nafarini qurilishga, 15 nafarini ishlab chiqarishga, 406 nafarini boshqa sohalarga ishga joylashtirish choralari koʻrildi.
Tumanda ikkita qishloq xoʻjaligi kooperativi tashkil etildi. Ularga 104,3 million soʻm subsidiya ajratilib, kam taʼminlangan oilalardan 46 nafar fuqaro ish bilan taʼminlandi. Joriy yilning oʻtgan davrida 1475 nafar fuqaro jamoat ishlariga jalb etildi.
“Har bir oila tadbirkor”, “Yoshlar kelajagimiz” Davlat dasturlari asosida 13,8 milliard soʻmlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Yil boshidan buyon 74 ta issiqxona tashkil etildi.
photo_2020-06-14_20-13-44.jpg
Yoshlarni ish bilan taʼminlash maqsadida 2500 gektar yer maydoni ajratilib, uning 250,9 gektariga makkajoʻxori, beda, kungaboqar va boshqa ozuqabop ekinlar ekildi.
Natijada 32 nafar yoshning bandligi taʼminlandi. Davlat dasturi asosida 2 nafar yoshga 135 million soʻm kredit, 10 nafar yoshga imorat qurish uchun yer uchastkasi, 1 nafar yoshga boʻsh turgan imorat berildi. Yaqin kunlarda tumanda zamonaviy issiqxona tashkil etish, yoshlarga 2 milliard soʻm imtiyozli kredit mablagʻi ajratilishi qayd etildi.
Tadbirda yoshlar oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi va ular boʻyicha tegishli soha rahbarlariga topshiriqlar berildi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA