Yangi tartibdagi “suyunchi” puli va dafn nafaqasi qanday toʻlanadi?

Oʻzbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilishning yangi tartiblari joriy etildi. Bu Vazirlar Mahkamasining joriy yil 23-maydagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat xizmatlari koʻrsatishning ayrim maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan mustahkamlandi.
Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi boʻlim boshligʻi oʻrinbosari Muhammadzoir Oʻrinboyev OʻzA muxbiriga yangi tizimga doir yangiliklar haqida gapirib berdi.
– 2020-yil iyun oyidan boshlab farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa (“suyunchi” puli) va dafn marosimi uchun nafaqa Davlat xizmatlari markazlari (DXM) orqali rasmiylashtiriladi, – dedi M.Oʻrinboyev. – Avvalgi tartib boʻyicha fuqarolar nafaqa pullarini olish uchun ish joyiga kerakli hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qilardi. Ishxonalar esa bu talabnomani Pensiya jamgʻarmasiga taqdim etardi. Endilikda bu ovoragarchilikka chek qoʻyildi. Yangi tartibga koʻra, barcha ishlovchi va ishlamaydigan fuqarolar “suyunchi” puli va dafn marosimi uchun nafaqani olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga kelgan holda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali elektron shaklda murojaat qiladi. Bunda fuqarolar “suyunchi” va dafn nafaqasini olish uchun oʻzlariga qulay boʻlgan Xalq banki filialini tanlagan holda, nafaqalarni ushbu filial orqali olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Taʼkidlash joizki, joriy yilning 1-iyun sanasiga qadar bola tugʻilganda beriladigan “suyunchi” puli yoki dafn marosimi nafaqasi uchun Pensiya jamgʻarmasi yo boʻlmasa ish joyiga murojaat qilishga ulgurmagan fuqarolar ham bu turdagi nafaqalarni olish uchun DXMga kelgan holda yoki YAIDXP orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.
Bir martalik “suyunchi” pulini olish uchun bola tugʻilgandan soʻng 6 oy muddatda, dafn marosimi uchun nafaqaga esa fuqaro vafotidan keyin 60 kun muddatda murojaat qilish lozim.
Eʼtiborli jihati shundaki, 2020-yil iyul oyidan keyingi davrda korxona va tashkilotlar tomonidan 16 yoshgacha nogiron bolalarning ota-onalariga qoʻshimcha dam olish kunlari haqining toʻlanishi, pensiya (nafaqa) tayinlanmagan, biroq uy-joy kommunal toʻlovlari boʻyicha kompensatsiya olish huquqiga ega boʻlganlarga kompensatsiyaga toʻlovlar uchun talabnoma taqdim etilishi mumkin.

 

Shahnoza Mamaturopova yozib oldi, OʻzA