“Masdar” kompaniyasi bilan investitsiya bitimi imzolandi

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha yetakchi xalqaro kompaniyalardan biri hisoblangan Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi Navoiy viloyatida quvvati 500 MVtga teng dunyodagi eng yirik shamol elektrostansiyalaridan birini quradi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabar berdi.
Ushbu loyihani amalga oshirishni nazarda tutuvchi investitsiya bitimi Amirliklar kompaniyasi bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi oʻrtasida imzolandi. Kelishuvga koʻra, “Masdar” kompaniyasi shamol elektrostansiyasini loyihalash, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishni taʼminlaydi.
Bu mazkur kompaniya tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan ikkinchi yirik loyihadir. Binobarin, “Masdar” oʻtgan yilning oktyabr oyida davlat-xususiy sheriklik asosida Navoiy viloyatida 100 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasini qurish boʻyicha tender savdolarida gʻolib chiqqan, loyihani amalga oshirish boʻyicha tegishli shartnomalar 2020-yil yanvar oyida imzolangan edi.
Shamol elektr stansiyasi qurilishi va kelgusida obyektdan samarali foydalanilishi mamlakat iqtisodiyotiga keskin ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Birinchi navbatda loyihaga 600 million dollardan ortiq miqdordagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Qolaversa, qurilish jarayoni va keyingi bosqichda, yaʼni obyektdan foydalanishda 1300 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Shamol elektr stansiyasi yiliga 500 000 dan ortiq xoʻjalik isteʼmoliga yetarli 1,9 gVt/s maqbul va arzon elektr energiyasi ishlab chiqarish hisobiga respublika energiya muvozanatini diversifikatsiya qiladi va mustahkamlaydi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan tabiiy gaz hajmi yiliga 175 million kub/metrgacha kamaytiriladi. Iqtisod qilingan energiya eksportga va sanoat korxonalari ehtiyoji uchun yoʻnaltiriladi. Eng muhimi, atmosferaning karbonat angidrid bilan ifloslanish darajasi keskin, yiliga 1,1 million tonnaga pasayadi.
Qurilish ishlari joriy yil oxirida boshlanib, birinchi navbatdagi generatsiya quvvati (250 MVt gacha) 2022-yilning oʻrtalarida ishga tushadi. Korxonani 2023-yilda toʻliq foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

 

OʻzA