Shavkat Mirziyoyev: Mening eng katta islohotim - har bir oilaning nuri boʻlgan onalarni, xotin-qizlarni rozi qilish

Prezident Shavkat Mirziyoyev Margʻilondagi Hunarmandlar markazini borib koʻrdi.

Margʻilon azaldan hunarmandlar shahri. Yaqinda bu yerda mohir usta Ibrohimjon Sultonov tashabbusi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida Hunarmandlar markazi qurilib, foydalanishga topshirildi. 600 nafar usta faoliyat boshlab, 200 ortiq turdagi atlas va adras toʻqish, gilamchilik, maishiy xizmat, tikuvchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Ular tomonidan 2 mingga yaqin xotin-qiz, yoshlar ishga jalb etildi.

– Mening eng katta islohotim – har bir oilaning nuri boʻlgan onalarni, xotin-qizlarni rozi qilish. Sizlarning koʻzingizdagi ishonchni, umidni koʻrib baxtiyor insonman. Ayollarni qancha rozi qilsak, Yaratgan bizga kuch-qudrat, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik beradi. Butun dunyo pandemiya oqibatida katta qiyinchilikka uchrayapti. Hech kim ishonmagandi, shu sharoitda mana shunday korxonalar ishga tushira olamiz deb. Bu – Fargʻonadagi oʻzgarishlarning boshlanishi, qaldirgʻochi. Xudo xohlasa, natijalarimiz bundan ham yuqori boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ikki qavatli markazning qoʻyi qavatida atlas, adras, shoyi, baxmal, beqasam matolar toʻqiladi. Birinchi qavatdan tayyor mahsulotlar koʻrgazmasi, podium, chevarxona oʻrin olgan. Bu yerdagi doʻkonda matoga gul chizish, bogʻlash, davra, qad tayyorlash jarayonlari koʻrgazmali tarzda namoyish etiladi.

Binoning yuqori qavatida gilam sexi joylashgan. Bu yerda barcha mahsulotlar toʻliq qoʻl mehnati yordamida, 100 foiz toza ipakdan toʻqiladi.

Hunarmand Ibrohimjon Sultonovning “Ismoiljon gilamlari” korxonasi mahsulotlari butun dunyoga mashhur. Hunarmandlar markazida ham mahsulotlarning sifati yuqori. Asl ipakka tabiiy boʻyoqlardan gul chizib mato toʻqiladi. Shu bois bu mahsulotlarga hozirdan xaridor tayyor. Gilamlar asosan Turkiyaga, atlas, adras matolar AQSH, Italiya, Fransiya, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston kabi mamlakatlarga eksport qilinadi.

Hozir chevarlarga 3,5 million soʻmgacha maosh beriladi. Markaz 600 ishchiga moʻljallangan, xotin-qizlarning qolgani kasanachilik asosida uyda oʻtirib mehnat qiladi.

Margʻilon – Fargʻona vodiysining turistik manzillaridan biri. Hunarmandlar markazi ushbu shaharning sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Osori atiqalar bilan tanishgan sayyohlar bu yerga kelib atlas, adras toʻqish jarayonini bevosita kuzatish imkoniga ega boʻladi, ham oʻzi xohlagan mahsulotni xarid qiladi, shu yerdagi chevarxonada oʻz didiga mos libos tiktirib kiyib ketaveradi. Markaz binosida bank shoxobchasi faoliyat koʻrsatadi, fotogalereya tashkil etilgan.

Shu yerda viloyatda ipakchilik sohasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari haqida maʼlumot berildi. Davlatimiz rahbari tarmoq korxonalariga yer ajratib, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, odamlarga hozirgi qiyin sharoitda iqtisodiy yordam berish zarurligini taʼkidladi.

Prezidentimiz Fargʻona viloyatida qambagʻal aholi bilan ishlash tizimi boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar bilan ham tanishdi.


 

O’zA