Isteʼmol savatchasining huquqiy asoslari ishlab chiqiladi

3-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari tadbir avvalida mamlakatimizda koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga toʻxtalib oʻtdi. Soʻnggi oʻn kunda oʻrta hisobda kuniga 70-80 kishida kasallik aniqlangani, hali xotirjamlikka oʻrin yoʻqligini taʼkidladi.

Oxirgi bir oyda 32 ta charter reys orqali 8 mingga yaqin, chegara postlari orqali 20 mingdan ortiq fuqarolar yurtimizga olib kelingan. Ularning koʻpchiligida kasallik topilgan. Shuningdek, qariyb 200 nafar xalqaro yuk tashuvchi haydovchida koronavirus aniqlangan. Umuman, hozirgi kunda uy sharoitida 26 ming, statsionarda 21 ming kishi karantinda qolmoqda.

“Qizil” va “sariq” hududlar hisoblangan viloyat, shahar va tumanlarda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilish shartligi yana bir bor aytib oʻtildi.

Pandemiya sharoitida eng farovon davlatlarda ham aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish katta muammo boʻlib qolmoqda. Mamlakatimizda ham ishsizlar soni koʻpaydi. Shuningdek, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, pandemiya 450 mingga yaqin oilalar daromadiga jiddiy taʼsir qilishi mumkin.

Aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlari. Bu borada komleks va hududiy dasturlar ishlab chiqilgan, vazirlar, hokimlar va sektorlar rahbarlarining vazifalari belgilab berilgan.

Kambagʻallikni qisqartirish borasidagi ishlar hamda “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash uchun roʻyxatlar shakllantirilgan. Ularga muvofiq, bugungi kunga qadar shunday oilalarning 540 mingtasiga 307 milliard soʻmlik koʻmak berildi.

Davlatimiz rahbari asosiy maqsad kambagʻal oilaning hech boʻlmaganda bitta aʼzosini ish bilan taʼminlab, ularni muhtojlikdan chiqarish ekani, shuning uchun har bir oila, har bir fuqaroning muammosi bilan alohida shugʻullanish zarurligini taʼkidladi.

– Bu sinovli davrda raqamlar ortidan quvish emas, balki xalqni rozi qilish uchun chin koʻngildan ishlash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda belgilanganidek, tuman (shahar) sektor rahbarlari eng qiynalgan va muhtoj oilalar roʻyxatini shakllantirib, ularni kambagʻallikdan xalos etish rejasini ishlab chiqadi. Viloyat hokimining iqtisodiyot va mahalla masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari sektorlar hamda tijorat banklari ishini muvofiqlashtirib, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga masʼul boʻladi. Bosh vazir oʻrinbosari rahbarligida Respublika shtabi ularning hisobotini eshitib, muammolarini hal qilishga vazirlik va idoralar, tijorat banklarini jalb qiladi.

Ushbu tizim Yagona ijtimoiy reyestr uchun ham katta zamin boʻladi. Mutasaddilarga yil oxirigacha mazkur reyestrni vazirlik – viloyat – tuman – mahalla kesimida toʻliq joriy etish boʻyicha koʻrsatma berildi. Kambagʻallik chegarasi va mezonlarining jahon amaliyotida tan olingan 4 ta hisoblash usuli Fargʻona viloyatining Toshloq tumani misolida sinovdan oʻtkazilishi belgilandi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga joriy yil 1-oktyabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal isteʼmol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishsizlik darajasi yuqori, infratuzilma tarmoqlari yetishmaydigan tumanlar, ayniqsa, chegaradosh hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish boʻyicha alohida yondashuv boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

Bosh vazir oʻrinbosarlariga mahalliy hokimliklar bilan birgalikda shunday tumanlarda aholi bandligini oshirish va yashash sharoitini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Maʼlumki, karantin choralarini yumshatish natijasida 17 mingdan ziyod sanoat va 10 mingta qurilish sohasidagi korxonalar faoliyati tiklandi. Lekin ularning koʻpida mablagʻ oqimlari karantingacha boʻlgan davrdagiga nisbatan 3 baravar kamayib ketgan.

Markaziy bankka hisob-varagʻida pul aylanmasi yetarli boʻlmagan korxonalar muammolarini aniqlab, ularga koʻmaklashish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida 300 ming aholini jamoat ishlariga jalb qilish, 265 ming nafarini ishga joylashtirish, jumladan, vazirlik jamgʻarmasi hisobidan shaxsiy tomorqalarga 36 milliard soʻm subsidiya ajratish orqali 18 ming kambagʻal aholi bandligini taʼminlash imkoniyati borligi koʻrsatib oʻtildi.

Pandemiya oqibatlarini yumshatish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturiga qoʻshimcha 1 trillion soʻm mablagʻ ajratildi. Umuman aytganda esa, joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlariga 4 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.

Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar ajratish soddalashtirildi.

Ushbu mablagʻlarni samaradorligi yuqori va kafolatlangan ish oʻrinlari yaratadigan kichik ishlab chiqarish loyihalariga yoʻnaltirish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, hunarmandchilik uchun bugungi kunga qadar 190 milliard soʻm ajratilgan. Ammo Navoiy, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida bu mablagʻlarning oʻzlashtirish surʼati tanqid qilindi.

Joriy yilda sanoat sohasida 7,5 mingta hududiy loyihani amalga oshirish hisobiga 145 ming nafar kambagʻal aholini ishga joylashtirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, qiymati qariyb 11 milliard dollar boʻlgan 206 ta yirik ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirib, 31 mingdan ziyod yuqori daromadli ish oʻrni yaratish choralari belgilangan. Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziriga ushbu loyihalarni oʻz vaqtida bajarish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Qishloq xoʻjaligida ham kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha imkoniyatlar koʻp. Yigʻilishda qayd etilganidek, birinchi yarim yillikda 38 ming gektar yerni oborotga kiritish hisobiga 25 ming nafar, yil yakuniga qadar yana qoʻshimcha 51 ming gektarni oʻzlashtirish evaziga 45 ming odam bandligini taʼminlash rejalashtirilgan. Bu yerlarning 20 ming gektari kam taʼminlangan oilalarga beriladi.

Xuddi shuningdek, gʻalladan boʻshaydigan 120 ming gektar maydonni takroriy ekin uchun ajratib, 300 mingga yaqin oilaga daromad manbai yaratish belgilangan. Bundan tashqari, paxta-toʻqimachilik klasterlarining 965 million dollarlik 107 loyihasini amalga oshirish natijasida 28 mingdan ortiq yangi ish oʻrni tashkil etiladi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan kam taʼminlangan 28 ming xonadonga naslli echki, 50 mingta oilaga parranda, 100 mingtasiga naslli quyon tarqatiladi.

Qurilish sohasidagi imkoniyatlar koʻrib chiqilar ekan, Inqirozga qarshi kurashishi jamgʻarmasidan ajratilgan 3,6 trillion soʻm hisobidan bajariladigan qurilish-pudrat ishlariga 85 ming nafar odamni jalb qilish mumkinligi aytib oʻtildi.

Yigʻilishda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Karantinning birinchi kunlaridan bu borada zarur choralar koʻrilib, ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 10 foizga oshirilgan edi.

Bugungi kunda boquvchisini yoʻqotgan oilalar soni 155 ming, 5 nafardan ortiq farzandi bor kam taʼminlangan oilalar soni 81 ming, yolgʻiz yashovchi keksalar 16 ming nafarni tashkil etmoqda. Lekin ajratilayotgan ijtimoiy yordamlar ehtiyojmandlarga toʻliq yetib bormayotgan holatlar ham koʻp.

Shu bois Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga qoʻshimcha ajratilgan 992 milliard soʻm mablagʻni hamda “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasidagi 70 milliard soʻm qoldiqni muhtoj oilalarga aniq va adolatli yetkazish boʻyicha qatʼiy topshiriq berildi.

Pandemiya davrida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qabul qilingan qarorlar doirasida yil yakuniga qadar qoʻshimcha 235 mingdan ziyod oilaga moddiy yordam ajratilishi qayd etildi.

Yigʻilishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabni toʻliq taʼminlash va bozorlardagi narx-navo barqarorligini saqlash masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.

Parranda goʻshti, sholi, kartoshka talabga nisbatan kam yetishtirilayotgani qayd etilib, ushbu mahsulotlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Bunda xorijiy davlatlar, xususan, kartoshka boʻyicha Niderlandiya, sholi va baliqchilik boʻyicha Vyetnam tajribalaridan foydalanish yaxshi natija beradi.

Bulardan tashqari ham agrar sohada ishlatilmayotgan rezervlar yetarliligi taʼkidlandi. Misol uchun, bir vaqtlar Namangan va Navoiy viloyatlarida junni qayta ishlash boʻyicha quvvatlar mavjud boʻlgan.

Bu yoʻnalishda koʻplab odamlarni ish bilan taʼminlash va eksportbop tovarlar turi va hajmini koʻpaytirish imkoniyati bor. Jundan roʻmol, gilam kabi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish aholi oʻzini oʻzi band qilishining muhim yoʻnalishi boʻlishi lozimligi qayd etildi, bu borada manzilli loyihalarni shakllantirish vazifasi qoʻyildi.

Videoselektor yigʻilishida hokimlar, vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlari birinchi yarim yil yakuni boʻyicha nechta ish oʻrni yaratishi, kambagʻal oilalarni qanchaga qisqartirishi, 9 oy va yil oxirigacha moʻljallangan rejalari yuzasidan hisobot berdi.

 

OʻzA