Statistika tizimi xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Statistika tizimi qanchalik haqqoniy va ochiq boʻlsa, islohotlar shunchalik toʻgʻri va natijador boʻladi. Shu maqsadda soʻnggi uch yilda qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, inflyatsiyani hisoblash usuli xalqaro standartlarga moslashtirildi, kuzatuvdagi tovarlar tarkibi kengaytirildi. Davlat byudjeti, tashqi qarz, oltin zaxirasi va tabiiy boyliklar haqidagi moliyaviy-iqtisodiy koʻrsatkichlar ochiq eʼlon qilinmoqda.

Yigʻilishda hududlar va tarmoqlar statistikasini oʻzaro muvofiq shakllantirish, ularni yagona xalqaro statistika tizimi bilan uygʻunlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ishsizlikni aniqlashni Xalqaro mehnat tashkiloti standartlariga toʻliq moslashtirib, soʻrov oʻtkazish tartibini takomillashtirish va qamrovni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Sogʻliqni saqlash tizimida kasalliklarni davolash xarajatlari boʻyicha xalqaro hisob mexanizmi joriy etilishi belgilandi. Busiz tibbiy sugʻurtani amaliyotga kiritib boʻlmaydi.

Vazirlar Mahkamasi, Davlat statistika qoʻmitasiga taʼlim, qishloq xoʻjaligi, tashqi savdo, transport, qurilish, ekologiya, turizm va yana qator sohalar statistikasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Davlat idoralarining statistikani shakllantirish jarayonini audit qilish boʻyicha ham koʻrsatma berildi.

Jahon maʼlumot bazalarida Oʻzbekistonning tarmoq indikatorlari toʻliq aks etmagani achinarli hol. Shu munosabat bilan, mutasaddilarga mehnat, energetika, qishloq xoʻjaligi, taʼlim kabi sohalar boʻyicha xalqaro bazalarda mamlakatimiz koʻrsatkichlarini toʻkis aks ettirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yana bir muammo shundaki, statistik kuzatuv maʼlumotlarining yarmi qogʻoz shaklida toʻplanmoqda. Ularni tahlil qilishda 20 yil avval joriy etilgan dasturiy taʼminotdan foydalanilmoqda. Soliq va statistika idoralari oʻrtasida avtomatlashgan axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish orqali inflyatsiyani hisoblash xarajatlarini keskin qisqartirish mumkin.

Shundan kelib chiqib, tarmoqning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda dasturiy taʼminotni yangilash, soliq, mehnat, moliya sohalarida statistik maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlashning integratsiyalashgan tizimini joriy etish vazifasi qoʻyildi.

Bugungi kunda Markaziy bank, Moliya vazirligi va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning sohadagi faoliyati muvofiqlashtirilmaydi. Aslida esa, statistik koʻrsatkichlarning 40 foizi ushbu idoralar tomonidan shakllantiriladi.

Shu bois bu boradagi qonunni va 17 yil avval tashkil etilgan Statistika kengashi faoliyatini takomillashtirish, xalqaro talablar asosida mustaqil statistika tizimini yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Maʼlumki, mustaqillik yillarida mamlakatimizda aholini roʻyxatga olish oʻtkazilmagan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi farmonida 2022-yilda aholini roʻyxatga olish oʻtkazilishi belgilangan edi. Joriy yil 16-martda “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari aholini roʻyxatga olish statistikani shakllantirishda asosiy manba ekani, bunga hozirdan puxta tayyorgarlik koʻrish kerakligini taʼkidladi.

Statistika qoʻmitasida maxsus boʻlinma tashkil etib, xorijlik ekspertlarni jalb qilish, qoʻmita huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish instituti faoliyatini takomillashtirib, aholini roʻyxatga olishda qatnashadigan barcha mutaxassislarni oʻqitish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda kadrlar masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Soʻnggi 5 yilda 318 nafar bakalavr va 33 nafar magistr tayyorlangan boʻlib, statistika idoralarida ularning 10 foizi ishlamoqda, xolos. Tizimdagi xodimlarning 2 foizigina statistika boʻyicha oliy maʼlumotga ega. Shuningdek, 30 yil davomida atigi 1 nafar fan doktori, 11 nafar fan nomzodi ilmiy ish yoqlagan.

Shu bois kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va statistika fanini rivojlantirish, sohada mehnatga haq toʻlash tizimini qayta koʻrib chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda Jahon banki ekspertlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan Statistika tizimini rivojlantirish strategiyasi taqdimoti oʻtkazildi. Davlatimiz rahbari uni takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

 

O’zA