Taʼlim inspeksiyasi Yevropa oliy taʼlim sifati kafolati assotsiatsiyasiga kuzatuvchi boʻldi

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Oliy taʼlimda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasi (Europian Association for Quality Assurancein Higher Education – ENQA)ga toʻlaqonli aʼzo boʻlish yoʻlida qator tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Jumladan, 2019-yilning sentyabr oyida Shveysariyaning Syurix shahrida Taʼlim inspeksiyasi rahbari Ulugʻbek Tashkenbayev ENQA prezidenti Kristof Grolimund janoblari bilan uchrashib, oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qilgan edi. Uchrashuvda Taʼlim inspeksiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi yagona taʼlim sifatini taʼminlashga masʼul hukumat organi sifatida ENQA tashkilotiga dastlabki bosqichda kuzatuvchi sifatida aʼzo boʻlish masalasi, shuningdek, attestatsiya va akkreditatsiya jarayonlarida kadrlar malakasini oshirishda hamkorlik masalalari boʻyicha kelishuvga erishilgandi.

Boshlangan samarali hamkorlikning uzviy davomi sifatida joriy yilning 28-aprel kuni ENQA boshqaruv kengashining navbatdagi yigʻilishida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining kuzatuvchi vakil sifatida aʼzo boʻlishi uchun yoʻllagan rasmiy murojaati koʻrib chiqildi va toʻliq maʼqullandi. Mazkur sanadan boshlab Taʼlim inspeksiyasi ENQA kuzatuvchilari roʻyxatidan rasman joy egalladi.

Taʼlim inspeksiyasining ushbu tarmoqqa kuzatuvchi sifatida rasman qabul qilinishi Respublikamiz taʼlim tizimining Yevropa taʼlim jarayonlari bilan integratsiyasini taʼminlash yoʻlidagi asosiy qadamlardan biri boʻldi. Kelgusida ENQAga toʻliq aʼzo boʻlishning samarasi sifatida inspeksiya tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan OTMlardagi taʼlim sifati Yevropa va xalqaro talablarga toʻliq javob berishini ifodalaydi. Bunday maqomga ega boʻlgan OTMlar tomonidan berilgan diplomlarning xalqaro miqyosida tan olinishini kafolatlaydi.

Ushbu xalqaro hamkorlikning dastlabki natijasi sifatida Taʼlim inspeksiyasi vakillari joriy yilning 14-may kuni oʻtkaziladigan ENQAga aʼzo agentliklar ishtirokidagi “2019-2020 taʼlim sifati kafolati natijalari” xalqaro onlayn muhokamalarida ilk bor ishtirok etadi.

Maʼlumot oʻrnida, ENQA 2000-yilda oliy taʼlimda sifatni taʼminlash boʻyicha Yevropa davlatlarida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. U 2004-yilda Yevropa oliy taʼlimda sifatni taʼminlash assotsiatsiyasiga aylantirildi. Shu kunga qadar ENQA Yevropada oliy taʼlim sifatini oshirish borasida yirik xalqaro loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Hozirda mazkur assotsiatsiyaga aʼzo davlatlar soni 31 tani, undagi rasman aʼzo boʻlgan sifat kafolati agentliklari soni 55 tani, shuningdek kuzatuvchi tashkilotlar soni esa 57 tani tashkil qilmoqda.

 

OʻzA