MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi tashabbusi bilan ilk bor videokonferensiya shaklida tashkil etilgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Tadbirga mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov raislik qildi.

Majlis ishida Armaniston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Zograb Mnatsakanyan, Belarus Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey, Moldova Respublikasi tashqi ishlar vaziri va Yevropa integratsiyasi vaziri Oleg Sulya, Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri Elmar Mamedyarov, Qirgʻiziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Qozogʻiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Rossiya Federatsiyasi Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov hamda MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.
Yigʻilish qatnashchilari fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan bir-birlarini tabrikladilar. Hamdoʻstlik davlatlari xalqlarining fashizmga qarshi kurashdagi metindek bardoshi va mislsiz irodasi eʼtirof etildi. Urush va front orti faxriylariga samimiy gʻamxoʻrlik qilish, tinchlik uchun oʻz jonini berganlar xotirasini abadiy saqlash zarurligi taʼkidlandi.
Hamdoʻstlik tashqi siyosat idoralari rahbarlari xalqaro kun tartibining va MDH doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalarini, xalqaro va mintaqaviy ishlarda tashkilot roli va oʻrnining joriy holati, uni kuchaytirish istiqbollarini koʻrib chiqdilar, shuningdek qator tashkiliy masalalarni muhokama qildilar.
Tomonlar karantin cheklovlari sharoitida savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi barcha mavjud va yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik mexanizmlarini saqlab qolishning hamda MDH erkin savdo hududi toʻlaqonli ishlashini taʼminlash muhimligini qayd etdilar.

11.jpg

Delegatsiyalar rahbarlari koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etishda Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlar saʼy-harakatlarini birlashtirish dolzarbligini taʼkidladilar.
Tashqi siyosat idoralari oʻrtasida MDH davlatlari hududida xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash jabhasidagi muloqotni mustahkamlash hamda investisya, transport, innovatsiya, sport va yoshlar siyosati sohalaridagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Hamdoʻstlik xalqlari hayoti farovonligi va sifat darajasini koʻtarish maqsadida yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va manfaatlarni inobatga olishga asoslangan hamkorlikni kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Ishtirokchilar MDH TIV kengashining keyingi majlisini shu yilning oktyar oyida Toshkent shahrida oʻtkazish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston tomoni taklifini qoʻllab-quvvatladilar.
Majlis yakunlariga koʻra hamkorlikning turli yoʻnalishlarida 11 ta hujjat imzolandi, kun tartibining barcha masalalari boʻyicha oʻzaro kelishilgan qarorlar qabul qilindi.

5.jpg

 

Gʻayrat Xonnazarov, Farxod Abdurasulov (surat), OʻzA