Prezident suv oqimi natijasida zarar koʻrgan mahallalarni koʻzdan kechirdi

Xabar berayotganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv omborida yuz bergan favqulodda vaziyat sababli Sirdaryo viloyatida boʻldi.

Davlatimiz rahbari suv toshqiniga birinchi boʻlib duch kelgan Sardoba tumanidagi Navoiy mahallasini borib koʻrdi.

Hukumat komissiyasi mutasaddilari amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.

Prezidentimiz mahalla boʻylab yurib, yuzaga kelgan ahvol bilan yaqindan tanishdi. Hududni puxta tozalab, dezinfeksiya qilish, qatʼiy sanitar-epidemiologik nazoratni taʼminlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tez fursatlarda, lekin sifatli tiklash boʻyicha topshiriqlar berdi.

Shavkat Mirziyoyev suv chekinganidan keyin oʻz mahallasiga qaytgan odamlar bilan muloqotda boʻlib, talafot koʻrgan joylarda turmush sharoitlari tez kunlarda tiklanishi, aholiga har tomonlama koʻmak berilishini taʼkidladi.

– Shunday ogʻir paytda hammamiz sizlarning yoningizdamiz. Avvalo, har bir mahallaga kirib, oʻt oʻchirish mashinalari yordamida suvni qochiramiz. Qurilish, taʼmirlash va yangi uylar barpo etish boʻyicha xalq bilan maslahatlashib ish tutamiz. Hammasini sekin-sekin joyiga qoʻyamiz. Fermerlarning masalasi ham dalasiga chiqqan holda hal etiladi. Eng muhimi, oʻzlaringiz sogʻ-salomat, bolalaringiz yoningizda ekan. Koʻngilni toʻq qilinglar. Xudoga iltijo qilamizki, bizga madadkor boʻlsin, oxirgi koʻrganimiz shu boʻlsin, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Oqoltin tumanidagi Shodlik mahallasi va Mirzaobod tumanidagi Haqiqat mahallasi tutash hududda ham boʻldi.


 

OʻzA