Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 6-dekabr kuni “Navoiy” xalqaro intermodal logistika markazi faoliyatini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va tranzit yuk tashuvlarini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro integratsiya jarayonlarini faollashtirish, xususan, mintaqada savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda mamlakatning transport-tranzit salohiyati muhim o‘rin tutadi.
Shu maqsadda 2008-yili Navoiy shahri aeroporti bazasida xalqaro intermodal logistika markazi tashkil qilinib, O‘zbekiston transport-tranzit salohiyatini yanada yuksaltirish hamda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazish yo‘lga qo‘yilgan edi.
Ushbu logistika markaziga avvalboshdan barcha turdagi soliq imtiyozlari va bojxona preferensiyalari berildi. Yo‘ldosh infratuzilma barpo etildi, boshqaruv “Korean Air” kompaniyasiga topshirildi.
Biroq, markaz faoliyati tahlil qilinganda, shuncha qulaylik va imkoniyatlarga qaramay, terminal quvvatidan amalda to‘liq foydalanilmayotgani aniqlandi. Yiliga 100 ming tonna yuk o‘tkazish quvvatining 20 foizidan ham kamrog‘i ishga solinmoqda, xolos. O‘tgan sakkiz yil davomida ushbu aeroport orqali 300 ming tonna yuk tashilgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
2017-yil yakuniga ko‘ra, terminalda umumiy yuk aylanmasi 2016-yildagiga nisbatan 11 foiz yoki 33 ming tonnagacha kamayishi prognoz qilinmoqda.
Bunday holat yuzaga kelishiga bu sohaga bevosita mas’ul bo‘lgan ayrim mansabdor shaxslarning beparvoligi, mas’uliyatsizligi, ushbu markazni chuqur o‘ylangan strategiya asosida rivojlantirmagani sabab bo‘ldi, dedi davlatimiz rahbari. Ko‘p yillar mobaynida Navoiy aeroporti va logistika markazining noyobligi, jozibadorligi, boshqalardan ajralib turishi to‘g‘risida balandparvoz gaplardan nariga o‘tilmadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, markazda kuniga o‘rtacha ikkita parvoz amalga oshirilmoqda. Bu esa ushbu logistika markazi va aeroport salohiyatidan foydalanish darajasi maqtovdan ancha yiroq ekanini ko‘rsatadi.
Ishni tashkil qilishga munosabatning qanchalar ayanchli holda bo‘lganini shundan ham bilsa bo‘ladiki, hozirgi kungacha “Navoiy” logistika markazi obyektlarini foydalanishga topshirish bo‘yicha davlat qabuli amalga oshirilmagan, deb qayd etdi Prezidentimiz. Markazdagi yoqilg‘i-moylash materiallarini saqlash sig‘imlari ham oxirigacha qurib bitkazilmagan.
Vaholanki, xalqaro transport-tranzit sohasi, ayniqsa, havo transportida yuk tashish eng serdaromad sohalardan biridir. Misol uchun, Dubay xalqaro aeroporti yiliga 3 million tonnagacha yuk o‘tkazib, 26 milliard dollarga yaqin daromad topadi. Qozog‘iston Respublikasi Ostona shahrida bir yilda 1,5 million tonna yuk o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lgan logistika markazini tashkil qilishni rejalashtirayotgani ham shundan. “Navoiy” logistika markazini bunday xablar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Bu holatda raqobat qilish juda qiyin.
Xorijiy yuk tashuvchilarni ko‘p miqdorda va davomli jalb qilish ishni qanchalik unumli tashkil etishga bevosita bog‘liq. “Navoiy” logistika markazi faoliyatida, aksincha, qator tizimli muammolar mavjud. Xususan, havo transportida yuk tashishni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri tariflarning yuqoriligidir.
Davlatimiz rahbari aviatashuvlarning tarif siyosatini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.
Mazkur logistika markazi jozibadorligini oshirishda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi katta ahamiyatga ega bo‘lishi kerak edi. Biroq, bu ham kutilgan natijani bermadi. Unda na yuqori qo‘shimcha qiymatli eksportbop tovarlar, na ichki bozor uchun xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Xorijiy yuk tashuvchi subyektlar “Navoiy” logistika markazi imkoniyatlaridan foydalanishga qiziqish bildirmayapti. Buning asosiy sababi aviakerosin yetkazib berishda uzilishlar mavjudligidir. Bu turdagi yoqilg‘iga bugungi kunda haftalik ehtiyoj 950 tonna ekaniga qaramay, neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan atigi 600 tonna ajratilmoqda.
Transport kompaniyalari tomonidan muvofiqlashtirish ishlari ta’minlanmagani sababli multimodal tashish ham rivojlanmay qolgan. Bojxona tartib-taomillari uzoq davom etishi va transport vositalari chegarada bekor turib qolishi oqibatida yuklarni yetkazib berish muddati cho‘zilib ketmoqda.
Mahalliy importchilarda ham o‘z yuklarini “Navoiy” xabi orqali qabul qilib olishga qiziqish yo‘q. Chunki infratuzilma talab darajasida rivojlantirilmagan. Import yuklarning aksariyati Toshkent aeroporti orqali kirib kelmoqda.
Shulardan kelib chiqqan holda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev neft-gaz tarmog‘i mutasaddilariga milliy aviakompaniya va boshqa xorijiy yuk tashuvchilarning aviakerosinga ehtiyojini o‘z vaqtida va 100 foiz ta’minlash, haftalik yoqilg‘i yetkazib berishni oshirish, bunda jahon bozoridagi narx-navoni inobatga olib ish tutish yuzasidan topshiriqlar berdi.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasiga tegishli tashkilotlar bilan birgalikda amaldagi tariflarni qayta ko‘rib chiqib, optimal tarzda pasaytirish, logistika markazlari tajribasini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzish vazifasi yuklandi. Milliy aviakompaniya Navoiy shahri aeroportiga dunyoning yetakchi yuk tashuvchi kompaniyalarini jalb qilish ishlarini yanada faollashtiradi, pochta yuklarini tashuvchi yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik o‘rnatib, “Navoiy” xabida mintaqaviy pochta-aloqa vositalari tuzilmasini tashkil etish kabi choralarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xarita”sini ishlab chiqadi.
Shuningdek, bojxona organlari va samolyotda yuk tashuvchi tashkilotlar o‘rtasida elektron ma’lumot almashuvi tizimini yo‘lga qo‘yish, “Navoiy” logistika markazi faoliyatini tubdan takomillashtirish va boshqa masalalar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga topshiriqlar berildi.