O‘zbekiston va Afg‘oniston munosabatlarida yangi sahifa

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani 4-dekabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Afg‘oniston Prezidenti 5-dekabr kuni Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Oliy martabali mehmon Hazrati Imom majmuasiga tashrif buyurdi. Mo‘yi Muborak madrasasida saqlanayotgan Usmon mushafi va boshqa tarixiy-ma’rifiy yodgorliklarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi.

Tashrifning asosiy tadbirlari Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Ashraf G‘anining tor doiradagi uchrashuvi bo‘ldi.

Sizni O‘zbekistonda qutlashdan mamnunman, dedi Prezidentimiz. Biz keyingi bir yilda besh marotaba uchrashib, bugungi tarixiy tashrifga zamin yaratdik. O‘zbekiston Afg‘onistonni yaqin qo‘shni va do‘st mamlakat deb biladi. Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishi, savdo, iqtisodiyot, transport, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorligimiz rivojlanishi uchun barcha sa’y-harakatlarni safarbar etmoqda.

Afg‘oniston Prezidenti O‘zbekistonga tashrifidan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikka keng yo‘l ochilganidan mamnun ekanini bildirdi.

Bundan bir yil avval O‘zbekiston xalqi Sizga ishonch bildirib, Prezident etib saylagan edi, dedi Afg‘oniston rahbari. O‘tgan bir yildagi o‘zgarishlar bu ishonch to‘g‘ri bo‘lganini namoyon etdi. O‘zbekiston 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasiga muvofiq qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda, barcha masalalarni hal etmoqda. O‘zbekistonning tashabbuslari va amaliy sa’y-harakatlari mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston bilan hamkorligimizning yangi davri boshlanganidan mamnunmiz. Umid qilamizki, bu munosabatlarimiz oyma-oy, kunma-kun yanada mustahkamlanib boraveradi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida diplomatik aloqalar 1992-yil 13-oktabrda o‘rnatilgan. Ikki tomonlama hamkorlik 2016-yilga kelib, izchil rivojlana boshladi. 2017-yil yanvarda Toshkentda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning birinchi davrasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili tayinlangani mamlakatimizning ikki tomonlama munosabatlarga ajratayotgan e’tibori namunasi bo‘ldi.

Davlat rahbarlari 2017-yil 7-iyunda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT majlisi hamda 10-sentabrda Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha sammiti doirasida uchrashuvlar o‘tkazdi.

29 noyabr kuni Toshkent va Kobul o‘rtasida birinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu voqea nafaqat chuqur ramziy ma’noga, ayni paytda katta amaliy ahamiyatga egadir. Endi ikki mamlakat rasmiy vakillari, ishbilarmon doiralari, eng asosiysi, oddiy fuqarolar aloqalari uchun qulay imkoniyat yaratildi.

Muloqotda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb mavzulari ko‘rib chiqildi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar, xususan, terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurashish, Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishiga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Davlatimiz Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishning eng to‘g‘ri yo‘li – bu siyosiy muzokaralar olib borishdir, degan qat’iy pozitsiyada.

Hamkor davlatlar va tashkilotlarning moliyaviy, iqtisodiy va insonparvarlik yordamiga tayangan holda va Birlashgan Millatlar Tashkilotining faol ishtirokida umummilliy yarashuvga erishish muhimdir.

Biz Afg‘oniston hukumatining mamlakatda barqarorlik va tinchlik o‘rnatish, muzokaralar orqali umummilliy yarashuvga erishish, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz, dedi Shavkat Mirziyoyev. Qo‘shni Afg‘onistondagi tinchlik Markaziy Osiyoning barqaror va izchil rivojlanish istiqbollarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun imkon yaratadi. O‘zbekiston Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlarga qo‘shilishi uchun har tomonlama ko‘maklashadi. Iqtisodiyotni tiklash, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish, milliy kadrlarni tayyorlash jarayonlarida faol ishtirok etadi.

Bu jahon hamjamiyatining Afg‘onistonda tinch taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlariga uyg‘un va hamohangdir.

O‘zbekistonning nufuzli xalqaro va mintaqaviy anjumanlarda, xususan, BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida Afg‘oniston bo‘yicha bildirgan bayonotlarini yuksak qadrlaymiz, dedi Ashraf G‘ani. Yaqinda Samarqand shahrida yuqori darajada o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ham Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish mintaqa va jahon miqyosida muhim masala ekani alohida ta’kidlandi. Mintaqamizda markaziy o‘ringa ega O‘zbekiston bilan hamkorligimiz iqtisodiy-ijtimoiy barqarorlikda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.

Unda rasmiy delegatsiyalar a’zolari, vazirlik va yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi. Muzokaralarda savdo-iqtisodiyot, transport, tranzit, energetika, kimyo, agrosanoat, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatimizda eksport masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Afg‘oniston esa O‘zbekiston uchun yaqin va katta bozor. O‘zbekistonning rivojlangan sanoati, transport va energetika sohasidagi salohiyati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Afg‘oniston uchun manfaatli.

Bu boradagi imkoniyatlarni ishga solish maqsadida Savdo, transport va energetika sohasidagi hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiya tashkil etilgan. O‘zbekiston Afg‘onistonda temir yo‘l, energetika, qurilish loyihalarini amalga oshirgan. 2016-yilda savdo aylanmasi qariyb 520 million dollarga yetgan.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, temir yo‘l, tranzit va boshqa to‘lovlarning tarif narxlari tushirilib, tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilmoqda.

O‘zbekiston Afg‘oniston bozoriga mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo va to‘qimachilik mahsulotlari, zamonaviy yengil va yuk mashinalari, avtobuslar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari, oziq-ovqat, meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishga tayyor.

Muzokarada madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Afg‘onistonliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish, temir yo‘l hamda boshqa sohalar mutaxassislarini tayyorlash maqsadida Surxondaryo viloyatida maxsus ta’lim markazi tashkil etilgan. Termiz shahridagi ixtisoslashgan shifoxonada Afg‘oniston fuqarolariga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Umumiy madaniy-ma’naviy merosimiz ramzi bo‘lgan Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa allomalarimiz qadamjolarini birgalikda qayta tiklash, ta’mirlash va obodonlashtirish bo‘yicha ham kelishib olindi.

2018-yil Afg‘onistonda Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha xalqaro konferensiya, Toshkentda olima ayollarga bag‘ishlangan xalqaro simpozium o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

O‘zbekiston Afg‘oniston uchun zarur mutaxassislarni mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida o‘qitishga tayyorligini bildirdi.

Afg‘oniston O‘zbekistonning Samarqand shahrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish borasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi. Mazkur markazlar yoshlarni diniy bag‘rikenglik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularni turli zararli oqimlar va terrorchilik g‘oyalari ta’siridan himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Afg‘oniston Prezidentlarining Qo‘shma bayonoti imzolandi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan 16 hujjat imzolandi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik, chegara postlaridan o‘tkazish, fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam, yuklarni tranzit tashish, bojxona, qishloq xo‘jaligi, energetika, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim sohalariga oid hujjatlar shular jumlasidandir.

Xavfsizlik sohasida hamkorlikka oid qo‘shma komissiya tuzish, Termiz shahrida Afg‘onistonning konsulxonasini ochish to‘g‘risidagi kelishuvlarning muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Transport va energetika infratuzilmalarini barpo etish sohasidagi hamkorlik avvalo ikki mamlakat, qolaversa, mintaqa davlatlari uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Xususan, Surxon – Puli Xumri elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi O‘zbekiston mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi. Mozori Sharif – Shibirg‘on – Maymana – Hirot temir yo‘li birgalikda barpo etiladi.

Tashrif doirasida O‘zbekistondan bug‘doy, qora metall, mineral o‘g‘itlar, qurilish mollari, dukkakli va boshqa mahsulotlar eksporti bo‘yicha umumiy qiymati 500 million dollardan ziyod bo‘lgan tijorat shartnomalari imzolangani alohida qayd etildi.

Prezidentlar ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda bo‘lib o‘tgan muzokaralar va imzolangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Uchrashuvda Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani o‘zbek tilida lutf qildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev buni olqishlab, bu xalqlarimiz tarixi, tili, madaniyati yaqinligining dalolati ekanini ta’kidladi.

Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodiga tashrif buyurdi.

Afg‘oniston delegatsiyasi mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yengil va yuk mashinalari, qishloq xo‘jaligi texnikalari, maishiy uskunalar va boshqa sanoat mahsulotlari bilan tanishdi.

Tadbirda samimiy do‘stlik munosabatlarining ifodasi sifatida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 25 dona “Isuzu” rusumli avtobus va “New Holland” markali 3 ta traktor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan birodar Afg‘onistonga hadya etilgani e’lon qilindi.

Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

 

Farhod Qurbonboyev (surat), O‘zA