Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Turkmaniston Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

Bugun, 27-mart kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov telefon orqali muloqot qildi.
Ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, jumladan, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha ikki mamlakatda koʻrilayotgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Tegishli idora va tashkilotlarning yaqindan hamkorligida oʻzaro amaliy koʻmaklashish hamda avvalo chegaraoldi hududlardagi epidemiologik vaziyatni nazorat qilish borasida olib borilayotgan ishlar mamnuniyat bilan qayd etildi.
Pandemiyaning savdo-iqtisodiy, energetik, transport-kommunikatsiya, madaniy gumanitar va boshqa sohalardagi Oʻzbekiston-Turkmaniston aloqalariga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha faol qoʻshma chora-tadbirlarni davom ettirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Prezidentlar birgalikdagi saʼy-harakatlar yuzaga kelayotgan barcha qiyinchiliklar va yangi xatarlarni muvaffaqiyatli yengish, Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari, strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
Davlat rahbarlari mintaqaviy hamkorlikka doir va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

 

OʻzA