Gʻalabani Berlinda kutib olgan Nurulla bobo kitob sovgʻa qildi

Nukus shahri Pushkin koʻchasidagi 16-uy. Ostonadan ichkari odimlar ekansiz, darvozada osilgan peshlavha eʼtiboringizni tortadi: “Bu uyda hurmatli nuroniy, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Abdullayev Nurulla yashaydi” …
Nuroniylar – hayot hikmati. Ularning umr yoʻli yoshlarni hamisha halol va mehnatsevar boʻlib yashashga undaydi.
95 yoshli otaxon gʻalabani Berlinda kutib olgan yurtdoshlarimizdan biri. Nurulla bobo oʻzining janggohlarda kechgan navqiron yoshlik damlarini oʻkinch bilan eslasa-da, istiqlol quyoshi porlagan dorilomon kunlarni koʻrganiga, tinchlik-osudalik, mehnat faxriylariga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikka shukrona keltirib yashaydi. Turmush oʻrtogʻi bilan toʻrt oʻgʻilni voyaga yetkazib, elga qoʻshgan qahramonimiz bugun farzandlari, qolaversa, 6 nevara, 14 chevara ardogʻida. Urushdan qaytgach, u uzoq yillar Ichki ishlar, Adliya vazirliklari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda turli lavozimlarda xizmat qildi.
Nurulla otaning chap oyogʻidan olgan ogʻir jarohati unga mashʼum urushning dahshatli voqealarini eslatadi. Oʻzbekistonning bugungi qudratli armiyasi eng kuchli mutaxassislar qoʻlida ekani unga mudom taskin beradi. Ikkinchi jahon urushida boshidan oʻtkazgan qora kunlardagi soʻnmas iroda va jasorat, qahramonlik va mardlik sohiblariga ehtirom koʻrsatish xalqimizning oʻziga xos olijanob qadriyatlaridan biriga aylangan. Ular davlatimiz eʼtiborida, sihat-salomatlikda, doimiy gʻamxoʻrlik ogʻushida umrguzaronlik qilmoqda.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi va Qoraqalpogʻiston mudofaa ishlari boshqarmasi ofitserlarining yoʻqlab kelgani Nurulla otani beixtiyor quvontirib yubordi. Gap shundaki, ushbu harbiylar urush qatnashchilarining holidan xabar olishni sira kanda qilmaydi. Ularning turli esdalik sovgʻalar bilan bu galgi yoʻqlovi ham urush faxriylariga eʼzozning yorqin ifodasi boʻldi. Bundan otaning koʻngli togʻdek koʻtarildi.
Tashrifdan koʻzlariga sevinch ingan otaxonning qoʻllari duoga ochildi: “Yurtdan tinchlik, baraka arimasin! Aslo urush boʻlmasin!”.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmatining OʻzAga maʼlum qilishicha, Nurulla ota umri davomida yozib yurgan maqola va qaydlarini oxiri bir joyga jamlab, 2019-yilda “Pamyat – vechna, pochitaniye – svyaщyenno” (“Xotira – abadiy, ehtirom – muqaddas”) nomli kitobini nashr etgan.
Oʻziga esdalik uchun qoldirgan nusxasini oʻsha kuni faxriy otaxon “pogondagi mehmonlar”ga sovgʻa qildi.

 

OʻzA