Repetitor “bilim“, maktab “attestat“ beradi degani umuman noto‘g‘ri fikr

Respublikamizning eng nufuzli gazetalaridan bo‘lgan, ko‘pdan buyon xalqimizning ma’naviy dunyosini boyitib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, davlat qarorlari va xalq fikrlarini ko‘pchilikka yetkazib kelayotgan to‘rtinchi hokimiyat idorasining sardorlaridan biri “Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetasida 2020 yil yanvar oyining 9-sanasida atoqli jurnalist O‘mirbay O‘teulievning “jurnalist fikr tashlaydi” rubrikasida “Repetitor “bilim”, maktab “attestat” beradi” nomli maqolasi e’lon qilindi. 
Maqolada bugungi kunda juda ko‘pchilik o‘quvchilarda bilimga qiziqishning pasayib ketganligi, repetitor va maktabning ta’limdagi o‘rni hamda ta’lim sohasida ancha kamchiliklarning mavjudligi kabi masalalar ko‘rsatib o‘tilgan.
Albatta, hozirgi erkin fikr, ya’ni plyuralizm sharoitida har kim o‘z mulohazalarini bildirishga haqli. Ushbu ko‘z qarashdan O‘mirbayning erkin fikrliligi va millat kelajagining fundamenti bo‘lgan ta’lim sohasiga jon kuydirishi tahsinga sazovor. Men uning ayrim fikrlarini qo‘llab-quvvatlagan holda, “Repetitor “bilim”, maktab “attestat” beradi” degan iddaosiga, mayli u qo‘shtirnoq ichida bo‘lsin, qo‘shila olmayman. Hatto uning bunday hukmiga orim keldi. Mayli, maktab ishida kamchiliklar bo‘lsin, ammo uning faqat attestat beradi degan so‘zi odamzod tarixida sharafli o‘rin egallagan, “xalqning muqaddas dargohi” deb baholangan maskan uchun nojoiz, albatta. Xalqimiz bilimsiz, johil odamni “maktab ko‘rmagan” deb baholaydi. Qanday buyuk shaxslar bo‘lmasin, u avvalo maktabda ta’lim oladi. Hozirgi paytda hurmatli Prezidentimiz maktab ishining davlat siyosati darajasida ekanligini ta’kidlab, milliardlab xarajatlar sarflayotgan bir paytda maktabga berilgan bunday bahoga kimning bo‘lsa-da ori keladi.
Jurnalist so‘zining boshida so‘nggi yillar xalq ta’limi sohasidagi muvaffaqiyatlarni I.Yusupov nomidagi iqtidorli bolalar va Prezident maktabi ochilishi bilan bog‘laydi. Ammo respublikamizning 725 umumta’lim maktablaridagi maqtansa arzigudek yutuqlarni, o‘qitayotgan nihollarining repetitorlarsiz oliy o‘quv yurtlariga kirayotganini esga olmaydi. Chimboyning 5-sonli umumta’lim maktabi 9-sinf o‘quvchisi Dilmuratov Damirning 2019 yil 1-6 avgust kunlari Janubiy Afrika davlatining Durban shahrida o‘tkazilgan Xalqaro matematika bahsida bronza medali sohibi bo‘lganligining nufuzi qancha. Bu albatta, maktab bilim berish salohiyatining hali ham yuqori ekanligini ko‘rsatadi.
Muallif maqolasida repetitorga juda yuqori baho beradi. Aslini olganda, repetitor bilim bera olmaydi. Bilim degan bolaning miyasida toshga bosilgan muhrday mangu qoladigan boylik. Repetitorning bergan tushunchasi esa faqat testgacha tayanch xolos, testdan keyin u o‘chib ketadi. Muallifning o‘zi ta’kidlaganidek, repetitorning faoliyatida xaltura, birovni yollash ham uchraydi. Natijada repetitor o‘rtacha o‘n bolani tayyorlasa-yu, ulardan ikki-uchovi o‘qishga kirsa, shuning o‘zi uning obro‘si. Afsuski, test jarayonidan keyin nechta abiturient repetitor “yordamida” ham o‘qishga kira olmaganini jamoat fikri asosida tahlil qilinganda edi, oq bilan qora aniq ko‘rinardi.
Jurnalist maktab o‘qituvchilari nima uchun repetitor darajasiga tenglasha olmaydi degan to‘g‘ri savol qo‘yib, unga “o‘qituvchilarning qotib qolgan maktab dasturidan chiqa olmasligi, maktabning material-texnik bazasining pastligi, ish haqining ozligi, qog‘ozbozlik shuningdek, “biz bilib bilmagan turli sabablardan” deb ta’kidlaydi. Bu ta’kidlarga to‘liq qo‘shilib bo‘lmaydi. Chunki o‘quv dasturi repetitorlarga ham, o‘qituvchiga ham birday, o‘qituvchida mehnatiga yarasha oyligi ham bor, oylik maoshi ham har safar oshirilib bormoqda. Repetitorda material-texnik baza deyarli yo‘q, o‘qituvchida esa yetarli darajada. Aslini olganda bu kamchilikning asosiy sababi ayrim o‘qituvchilarning o‘zidagi yalqovlik, beparvolik, o‘zibo‘larchilik va nazoratning tubanligi hamda boshqaruv tizimidagi sansalorlikda.
To‘g‘risini aytganda, Sh.Mirziyoev elimizga prezident bo‘lib saylangunga qadar, maktab ishlari qishloq xo‘jaligiga bo‘ysundirildi, o‘qituvchi esa qishloq xo‘jaligi xizmatkoriga aylandi. Paxtani yaganalash, begona o‘tlardan tozalash, yig‘im-terim va yana boshqa ishlar o‘qituvchi faoliyati bilan bog‘liq edi. “Paxta sening taqdiring”, “o‘qituvchilarning oyligi – sening farovon turmushing garovi” degan gaplar majlislarning katta minbarlarida jarangladi. O‘qituvchining obro‘si yaxshi o‘qitishida emas, nechta bolani paxtaga olib chiqishida, necha kun paxtada bo‘lishida edi. Bu hodisaga o‘qituvchi ham ko‘nikib qoldi. Uning bolani yaxshi o‘qitishiga ishtiyoqi ham pasaydi. Bu jarayon ayniqsa, dars berishni xush ko‘rmaydigan o‘qituvchiga qo‘l keldi. Qancha yillar Sovet hukumati davrida avj olgan zo‘ravonlik natijasida maktabdagi o‘quv nochorlanib qoldi. Bundan tashqari, o‘qituvchining turmushi tubanlashib ketishi oqibatida, u o‘z o‘rniga birovni yollab, bir-ikki oy ish izlab ketganlari ham bo‘ldi. Bunday noxush ahvoldan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev qutqardi.
Lekin uch yil ichida o‘qituvchi psixologiyasini o‘zgartirish oson kechmayapti. Endi o‘qituvchi xalqini uyg‘otish, o‘z kasbini sevish, beparvolikdan qutqarish masalasi maorif sohasini boshqarishning dolzarb masalasi sifatida o‘rtaga chiqdi. Mazkur masalada eng avvalo, mas’uliyatni kuchaytirib, beparvolikni yo‘qotish muhim ekanligini hozirgi ta’lim sohasi rahbarlarining so‘z yuritilayotgan maqolaga munosabatidan ham payqash qiyin emas. Aytaylik, bundan deyarli bir oy oldin nashr qilingan bu bahsli maqolaga 725 umumta’lim maktablari direktorlarining, ko‘p sonli ta’lim rahbarlarining bir og‘iz illo deb og‘iz ochmaganligi, fikr bildirmaganligi, ularning faoliyatiga jurnalist tomonidan berilayotgan bahoga bee’tiborligining dalili emasmi?
Agar har bir ta’lim sohasidagi maktab, muassasa rahbarlarida o‘z ishiga hurmat bo‘lmasa, o‘z ishi uchun kuyib yonmasa, qanday sharoitlar yaratilaversa ham ish olg‘a siljimaydi.
Muhtaram Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2020 yili respublika miqyosida 55 ta xususiy maktab tashkil qilinib uning soni besh yilda 141 taga yetkaziladi degan xushxabarni yetkazdi. Xuddi ana shu savobli va manfaatli ish uchun, bola tug‘ilganidan boshlab yozilib, badalini to‘lab qo‘yadigan maktablarga va ularni bitirganlar dunyoning eng oliy o‘quv yurtlariga to‘xtamasdan kiraveradigan xususiy dargohga rahbarlik qila oladigan shaxs hozirgi bizning maktab direktorlarining ichidan chiqarmikan? Bunday deyishimizning sababi bizda hali loqaydlik, passivlik illati ustunlik qilib, “mendan o‘rnak oling”, deydigan o‘qituvchilar, direktorlar topilmayapti. Yana bir diqqat qaratadigan masala, o‘qituvchi obro‘sini ko‘tarish, rag‘batlantirish, maktabni himoya qilish zarurati.
Tarixdan ma’lumki, avvallari o‘qituvchining o‘rni juda hurmatli edi. U mehribon, u aqlli, u bilimdon, fidoiy rahnamo bo‘ldi. O‘qituvchilar obro‘si e’zozlanib roman, povestlar, poemalar yozilgan. Ch.Aytmatov, T. Qayipberganov, I.Yusupovlarning asarlari ularga madad va martaba berdi. Hozir esa biron bir yozuvchi yoki shoir bu masalani qo‘zg‘agan emas. Chunki o‘qituvchining jamiyatdagi obro‘si past. U Ch.Aytmatov aytganidek, “qassobdan qarzdor” bo‘lib qoldi. Bizdagi paxta hukmronligi yillarida esa o‘qituvchi tabelchining oldida tili qisiq bo‘lib yashadi.
Galdagi ta’lim sifatini ko‘taradigan asosiy masala yoshlarning kasb tanlash mas’uliyatini qo‘lga olish. Prezidentimiz Murojaatnomasida ta’kidlanganiday kelajakda respublikamizda 9 mingga yaqin kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Demak, har bir yosh bu ixtisoslik tizimida o‘z o‘rnini topsa, ayni muddao bo‘ladi. Hozir maktabni bitirayotgan yoshlarga qaysi institutga kirging keladi deb so‘rasangiz, “qaydam, dadam biladi” deb javob beradi. Endi bitiruvchi talabalar orasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazib ushbu bitirayotgan mutaxassisligingga rozimisan degan savol qo‘yilsa, o‘ttiz boladan kam deganda 5-6 tasi o‘qishni qaytadan boshlasam, boshqa yo‘nalishni tanlardim deydi. Bu naqadar dahshatli voqea, qancha mehnatning zoyo bo‘lishi. Bu esa davlat manfaatiga ham bolaning kelajagiga ham katta ziyon. Demak, yoshlarni kasbga yo‘naltirish ta’limning eng dolzarb masalasidir.
Muallif maqolasida o‘tgan asrning 60-80-yillari maktablarda o‘qitish sifati juda yaxshi edi, deya to‘g‘ri ta’kidlaydi. Bu fikriga misol sifatida 1972 yil Nukusdagi Tereshkova nomli maktabning o‘qituvchisi Qirmizi Davletova rahbarligida tarbiya olgan o‘ninchi sinfdan yigirma sakkiz bola o‘z kuchi bilan repetitor yordamisiz Toshkent, Samarqand, Nukus oliy o‘quv yurtlariga kirganini bayon qiladi. Ularning ko‘pchiligi atoqli siymolar bo‘lib yetishib hanuz ustozini unutmaydi. Bu esa o‘qituvchining xolis va jon dildan xizmat qilishi, o‘z kasbini e’zozlashi, jonkuyarligi va mehribonligining samarasi edi.
Demak, repetitorga ishonib, u faqat bilim beradi deb hisoblash, bu bahsli fikr. Repetitorlar ham odam, uning qo‘lidagi o‘quv materiallari o‘qituvchida ham bor. O‘qituvchi ham ular kabi oliy ta’lim olgan. Ammo ular bilan bir xil sharoitdagi, davlat g‘amxo‘rligidagi, ezgu mehnatidan qo‘shimcha manfaatdor bo‘layotgan o‘qituvchining, repetitordan tuban bo‘lishi, o‘zini hurmat qiladigan o‘qituvchiga yarashmaydi. Uning ham qo‘lidan keladi, biroq qunti yo‘q, o‘ziga-o‘zi rozi emas, vatanparvarlik tuyg‘usi rivojlanmagan deb qaramaslikdan boshqa ilojimiz yo‘q.
Ayrim maktablardagi o‘quvchilarni so‘nggi sinfda repetitorlarga jo‘natish, jurnalist aytganidek juda xato, jinoiy ish, obro‘sizlik, beparvolik va chorasizlikning natijasi.
Muallif bu masalada “yuqoridagi” rasvogarchilikka ko‘z yumib o‘tirganlarning, o‘z burch va vazifasini bajara olmayotganligini to‘g‘ri ta’kidlagan. Aslida bu kamchiliklarning tub zamiri rahbarlarda. Jurnalistning vazirlik xodimlari ko‘z yumib o‘tiribdi degan so‘zlari mumkin, to‘g‘ridir. Lekin uning asosi, ularning ro‘y berayotgan kamchiliklarni tuzatishdagi layoqatsizligi va jur’atsizligida. Bunda ingliz donishmandi Bernard Shouning ushbu so‘zlari yodga tushadi: ( Kto znaet delaet sam, kto ne znaet uchit drugix, kto ne znaet togo i drugogo uchit kak nado uchit)
“Kim biladi o‘zi ishlaydi, kim bilmaydi boshqani o‘qitadi, uni ham buni ham bilmagan kishi qanday o‘qitish kerakligini o‘rgatadi.”
Vaholanki, maktabda bir kun ishlamagan, ta’limdan xabari yo‘q insonlar ta’limni boshqarsa, oxiri nima bo‘ladi? Bunday holat maktab direktorlarini tanlashda ko‘zga tashlanadi, maktab rahbarlarining ko‘pchiligi dars o‘qitmaydi, o‘qita olmaydi. Shu sababli Napoleon aytganidek,“qo‘ylarni qashqir boshqarsa hamma qo‘y – qashqir, qashqirlarni qo‘y boshqarsa, hamma qashqir qo‘y bo‘ladi” deganidek, direktor qanday bo‘lsa jamoa ham shunday, “hamma teng, oshib borayotgan hech kim yo‘q, xudoga shukur” deb yashayveradi. Demak, ta’lim sohasidagi rahbarlikka professional bilimga, boshqaruv qobiliyatiga ega, shu kasbni sevadigan va o‘zini ko‘rsata oladigan shaxslardan izlash kerak.
Mening fahmimcha, maktab direktorlaridan boshlab vazirgacha bo‘lgan xodimlarning birlamchi vazifasi o‘qitish sifatini yaxshilashni og‘zaki tarzda emas, o‘z ishi va shaxsiy namunasi orqali ko‘rsatishi lozim. Ularning har biri o‘qituvchilarning darslariga tez-tez kirib yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatib turishni odat qilishlari kerak.
Kamina, 1989-1990 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri bo‘lib ishlagan paytlarimda eng avvalo maktab direktorlarining va ilg‘or o‘qituvchilarning darslariga kirishni o‘zimga vazifa qilib olgan edim. Bir yarim yil ichimda 27 marta darslarga kirgan daftarim hali saqlanmoqda. Bu ish maktab direktorlariga shu qadar ta’sir etdi, ular mening qaysi maktabga borishimni so‘rab yurar va darsiga qattiq tayyorlanardi. Bu faqat kamchilik izlash emas, ularni sifat va samaradorlikka safarbar qilish, ilg‘or va qoloqlarni aniqlash edi.
Bugungi kunda maktab o‘qituvchisining obro‘sini ko‘tarishga Prezidentimiz katta g‘amxo‘rlik qilmoqda. U o‘zining Oliy Majlisga murojaatnomasida 2020 yili budjetdan ajratiladigan 1,7 trillion so‘m hisobidan 16 ta yangi maktab qurilishini ta’kidladilar. 211 ta maktabda kapital remont olib boriladi, pedagogik mahoratga ega bo‘lib yaxshi natija ko‘rsatgan o‘qituvchilarga yuqori oylik ish haqi to‘lash tizimi joriy etilishi haqida xo‘sh xabar yetkazdi. Demak, bunday g‘amxo‘rlik o‘qituvchilarni yanada jadal ishlashga da’vat etadi va shu kabi maqolalar matbuot sahifalarida tez-tez berib borilsa, “yuragida qurti bor” ta’lim xodimlarini uyg‘otib, repetitorlarga haqini berib qo‘ymaydi.
J.BAZARBOEV, akademik

 

O‘zA