O‘zbekiston bayrog‘i ilingan ulkan havo shari uchirilishi kutilmoqda
Bir tomonda retro avtomobillar, stimulyatorli sport mashinalari, motosikllar namoyishi… Ikkinchi tomonda so‘nggi avlod robotlari, eng yangi ixtirolar, innovatsiyaon g‘oyalar va startap loyihalar ko‘rgazmasi… Yana bir tomonda esa taniqli sport ustalaridan o‘ziga xos mahorat saboqlari…

Joriy yil 7 fevral kuni poytaxtimizda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan vatanparvarlik festivali dasturi ana shunday qiziqarli tomosha va taqdimotlarga boy. Tadbir uchun “Yangi O‘zbekistonni yoshlar bilan birga quramiz” shiori tanlangan. O‘sha kuni festival manzili — Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, “Hyatt Regency” mehmonxonasi old maydoni hamda “Yoshlar ijod saroyi” yigit-qizlar bilan har qachongidan gavjum bo‘ladi.
Prezidentmizning 5 muhim tashabbusi doirasidagi ushbu tadbirlar kitoblar ko‘rgazmaci, yosh ijodkorlar asarlari taqdimotlari, taniqli shoir va yozuvchilar ishtirokidagi ijodiy uchrashuvlar va mushoiralarni ham qamrab olgan.

Bu yerga kelganlar tasviriy san’at bo‘yicha mahorat darslariga ham guvoh bo‘lishadi. Qolaversa, boks, qilichbozlik, qo‘l jangi, kamondan o‘q otish maydonlari tashkil etilishi barobarida, ishtirokchilar skeyt, rolikda uchish va boshqa zamonaviy sport turlari bo‘yicha chiqishlardan bahramand bo‘ladilar.

O‘zbekiston bayrog‘i ilingan katta havo shari uchirilishi — tadbirning eng qiziqarli va taassurotlarga boy tomoshasi bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zA