Elektr energiyasi va tabiiy gaz sarfini tejash ekologik va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim omil hisoblanadi. Respublikamizda amalga oshirilayotgan energiya tejash tadbirlari, bir tomondan resurslardan samarali foydalanishga yordam bersa, ikkinchi tomondan atrof-muhitga ta’sirni kamaytiradi. Bu sa’y-harakatlar mamlakatning energiya samaradorligini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.

“O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov o‘tgan yilda bu bo‘yicha erishilgan natijalar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:

–“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan energiya resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 135 million kilovatt soat elektr energiyasi tejalib, reja 107 foizga bajarildi.  Bu, o‘z navbatida, elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste’mol qilishda samaradorlikni oshirishga yordam berdi.

Tizim korxonalarida elektr energiyasi iste’moli samaradorligini oshirish maqsadida 27,2 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi, 113,9 ming litr quyosh suv qizdirgichi, 13 ming 235 dona svetodiodli lampa, 1 ming 951 dona quyosh panelli yoritish chirog‘i va 1 ming 103 dona sensorli datchik hamda 4 ming 696 metr kvadrat gofra paneli o‘rnatildi.

Tabiiy gaz yoqilg‘isini tejashga qaratilgan tadbirlar natijasida 57 million metr kub tabiiy gaz yoqilg‘isini tejashga muvaffaq bo‘lindi. Bu rejaga nisbatan 120 foizga ko‘p natija demakdir.

Tabiiy gazni tejash maqsadida seolitli tozalash va quritish qurilmalari, oltingugurt olish qurilmalari, qozonxonalardagi bug‘ qozonlarini issiq zaxiraga to‘xtatish orqali gaz sarflanishini tejash va bug‘ ishlatish samaradorligini oshirishga qaratilgan choralar amalga oshirildi.

Ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish va optimallashtirishga katta e’tibor berish natijasida nafaqat energiya sarflari kamaytirildi, balki atrof-muhitga bo‘lgan ta’sir ham minimallashtirildi. Bundan tashqari, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli Sho‘rtan konida ishga tushirilgan ikkita quduq va qurilayotgan ikkita quduqning kichik kompressor stansiyalari tashqi elektr ta’minoti uchun yangi 110 kV havo tarmog‘i va 110/35/6 kV “Sho‘rtan-40” podstansiyasi qurilib ishga tushirildi.  Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli Somontepa konida tashqi elektr ta’minoti uchun yangi 110 kV havo tarmog‘i va 110/6 kV “Somontepa” podstansiyasida qurilish-montaj ishlari qariyb 95 foizga bajarildi.

Qayd etish kerakki, energiya va gaz sarfini tejash mamlakatning ekologik barqarorligi va iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Bu kabi tadbirlar resurslardan samarali foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishda ahamiyatli.

N.Ziyodullayeva,  

O‘zA