Birlashgan Arab Amirliklari WAM axborot agentligi xabarida Ras Al-Xayma Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston Respublikasi ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanayotgani ta’kidlangan. Maqolada amirliklarning qo‘shma tadbirlar o‘tkazish orqali iqtisodiy sheriklik ko‘lamini kengaytirish, o‘zaro sarmoyani rag‘batlantirish, savdo missiyalari almashishga intilishi kuchayib borayotgani qayd etilgan.

Xususan, Palata direktorlar kengashi raisi Muhammad Musabih Al-Nuaymiy va mamlakatimizning BAAdagi elchisi Abdulaziz Aqqulov o‘rtasida kechgan uchrashuvda tijoriy va siyosiy maslahatchilar ishtirokida hamkorlikni mustahkamlash, savdo ayirboshlash hajmini oshirish, har ikki tomon tadbirkorlari, missiyalari va savdo delegatsiyalarining qo‘shma tadbirlari va o‘zaro tashriflarini tashkil etish mexanizmlarini topish yo‘llari muhokama qilindi.

Al-Nuaymiy O‘zbekiston va Ras Al-Xayma amirligi aloqalarining ikki davlat munosabati rivojiga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA