Davlatimiz rahbari “Navoiy” EIZga tashrif buyurdi

Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 28 dekabr kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.

Rivojlanayotgan davlatlarning iqtisodiy barqarorlikka erishishida erkin iqtisodiy zonalarning o‘rni katta. Bu kabi zonalar ahamiyati mamlakat rivojlanishining iqtisodiy, ijtimoiy, demografik mezonlari bilan belgilanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda “Navoiy”, “Angren”, “Jizzax”, “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” kabi erkin iqtisodiy zonalar faoliyat yuritmoqda.

Jahon standartlariga javob beradigan, zamonaviy, yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqarish maqsadida yurtimizda birinchilardan bo‘lib “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan edi. Bugungi kunda bu yerda Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Italiya, Xitoy, BAA, Hindiston, Singapur, Rossiya davlatlari bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. EIZ hududida joylashgan korxonalarda 100 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, ularni eksport qilish yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyundagi “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini kengaytirish va Navoiy viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida investitsiyalarni faol jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, raqobatbardosh yangi zamonaviy ishlab chiqarishlar va kichik korxonalarni rivojlantirishning yangi tizimi yaratildi. Shuningdek, ularni qo‘llab-quvvatlash, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi tashkil etilgan alohida hududlarda joylashtirishni ta’minlash va shu asnoda ishlab chiqarish sohasida yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi bandligini ta’minlash mexanizmlari ishlab chiqildi.

Ma’lumki, Prezidentimiz 2018 yil 2 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida istiqboldagi rejalar taqdimoti bilan tanishgan edi. Taqdimotda mutasaddilar davlatimiz rahbariga 2017-2019 yillarda 32 loyiha amalga oshirilib, 1650 dan ziyod ish o‘rni yaratilishi, bunda elektrotexnika, farmasevtika va tibbiy buyumlar, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari, kimyo va neft kimyosi mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgani haqida ma’lumot bergan edi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 13 mart kuni mazkur hududga navbatdagi tashrifi chog‘ida Navoiy viloyatini erkin iqtisodiy zonaga aylantirish tashabbusini ilgari surdi.

Bu galgi tashrifda davlatimiz rahbari ana shu tashabbus va loyihalarning amalga oshirilayotgani bilan qiziqdi.

2019 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, iqtisodiy zonada umumiy qiymati 276,2 million dollarlik 39 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida iqtisodiy zonada 27 yangi tadbirkorlik sub’ekti ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular tomonidan jalb etilgan investitsiya loyihalarining umumiy qiymati 437 million dollarni tashkil qiladi. Hududdagi tadbirkorlik sub’ektlarining soni esa 66 taga yetdi.

“Navoiy” EIZning umumiy maydoni 564 gektar. “Navoiy” xalqaro aeroporti, Ye-40 avtomagistrali va xalqaro ahamiyatdagi temir yo‘lga yaqin joylashgani, Navoiy viloyatining multimodal transport-logistika tarmog‘i imkoniyatlaridan foydalanish imkoniyati mavjudligi qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.

Bugun “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida yuqori texnologik va zamonaviy talablar asosida turli mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

– Viloyatda iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Iqtisodiyotni rivojlantirishdagi dolzarb vazifalarni amalga oshirishda erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini jadallashtirish va kengaytirishga alohida e’tibor qaratishimiz zarur, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoev

Albatta, investitsiyalarni jalb qilishda, investorlar uchun qulay muhit, shart-sharoit yaratishda erkin iqtisodiy zonalar faoliyati muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 maydagi “Navoiy viloyatini innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risi
da”gi farmoni biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, innovatsion tadbirkorlik va yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish, shuningdek, Navoiy viloyati hududida mineral xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarni tashkil etishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.

Navoiy viloyatining hududiy chegaralari ichida innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha investitsiya dasturlarini amalga oshirayotgan korxonalarga “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi maqomi beriladi. Tabiiyki, bunday ishlab chiqaruvchilar erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi uchun belgilangan huquq va imtiyozlaridan foydalanadi.

Prezidentga “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida istiqbolda amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.

Davlatimiz rahbari “National plast” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan sanoatning yangi tarmog‘i PVXdan profil va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish jarayoni bilan ham tanishdi.

Mazkur korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar qurilish bozorida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 10 ming tonnadan ortiqni tashkil etadi. Korxonada 400 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.

– Bu kabi korxonalarni qurishda birinchi o‘rinda sifatga e’tibor qaratish kerak. – Binolari ixcham bo‘lsa ham asosan jahon talablariga javob beradigan mahsulot ishlab chiqarish muhim, – dedi davlatimiz rahbari.

Asosiy material ekologik toza va xavfsiz plastik xomashyo hisoblanadi. Barcha xomashyo resurslari Italiyaning zamonaviy texnikalari asosida to‘liq avtomatlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Natijada ekstuziya jarayoni uchun tayyor polimer vujudga keladi. Ekstruder qurilmalari yordamida polimer qorishma yuqori haroratda katta bosim ostida haydalib, polimer qorishmadan plastmassa hosil bo‘ladi. Ayni paytda korxonada 44 ekstuziya liniyasi ishlab turibdi.

Profillarga qolip va kabellar yordamida shakl beriladi. Ushbu mahsulotlar yuqori sifat va turli sharoitlarga o‘ta chidamliligi bilan ajralib turadi.
Prezidentga korxonaning ikkinchi bosqichi haqida ma’lumot berildi. 2020 yilning uchinchi choragida foydalanishga topshiriladigan ushbu loyiha natijasida 40 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish, 10 million dollarlik mahsulotni esa eksport qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, iqtisodiy hududda “Green Line Profil” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati ham davlatimiz rahbari e’tiborida bo‘ldi.

Korxona tomonidan alyumin profil va alyumin mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Umumiy qiymati qariyb 40 million dollar bo‘lgan mazkur korxona 2018 yilda ishga tushirilgan. 650 ish o‘rni yaratilgan. Joriy yilda 18,6 ming tonna mahsulot tayyorlandi. 10 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Yangi yildan ishlab chiqarish hajmini 22 ming tonnadan oshirib, eksport miqdorini 14 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlar MDH davlatlari, Ukraina, Litva, Polsha, Chexiya, Germaniya, Kanada, AQSh va boshqa xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.

Korxonaning aluminiy eritish sexida avtomatik ko‘tariluvchi 15 va 30 tonnalik pechlar bo‘lib, ularda o‘rtacha 700-750 daraja haroratda eritiladi. Shundan so‘ng suyuq metall quyish stoli orqali o‘rtacha bir soatda quyiladi.

Quyish sexidan chiqqan aluminiy billetlar (yarim tayyor mahsulot) turli xildagi profillar ishlab chiqarish uchun ekstuziya sexiga yo‘naltiriladi. Hozirgi kunda 3 dona 4000, 2000, 1000 tonnalik presslar ishlab turibdi. Ushbu texnologiyalar zamonaviy va tejamkorligi bo‘yicha Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari mazkur korxonaning ish jarayoni, mahsulotlari sifatini ko‘zdan kechirdi. Import o‘rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirib, aholini arzon va sifatli qurilish materiallari bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezidentimizga korxonaning ikkinchi bosqichi haqida ma’lumot berildi. 2020 yilning uchinchi choragida foydalanishga topshiriladigan ushbu loyiha natijasida 40 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish, 10 million dollarlik mahsulotni esa eksport qilish rejalashtirilgan.

 

O’zA