Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya parlamentining Oʻzbekiston bilan doʻstlik ligasi vakillari bilan uchrashdi.
Tadbirda ushbu liganing qator aʼzolari, jumladan, uning raisi – Yaponiya Bosh vaziri oʻrinbosari, moliya vaziri Taro Aso ishtirok etdi.
Parlamentlararo aloqalar koʻp qirrali Oʻzbekiston-Yaponiya hamkorligiga mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.
Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasidagi aloqalar 1993-yilda oʻrnatilgan. Yaponiya parlamentida Oʻzbekiston bilan doʻstlik ligasi tashkil etilgan. Uning tarkibiga taniqli siyosat arboblari, deputat va diplomatlar, eng asosiysi – mamlakatimizning chinakam va ishonchli doʻstlari kiradi.
Muloqot chogʻida mamlakatlarimiz amaliy hamkorligini kengaytirish, Oʻzbekiston va Yaponiya xalqlari doʻstligini mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Parlamentlararo forumning ikkita qoʻshma majlisi boʻlib oʻtgan.
Uning uchinchi majlisini Toshkentda oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.