O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

2019 yil 30 noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Senatorlar dastlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2019 yilgi xarajatlariga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi masalani muhokama qildilar.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetini ijro etish jarayonida ayrim sohalar bo‘yicha xarajatlar ko‘paydi, shu munosabat bilan qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirildi. Bu yo‘nalishlardagi xarajatlar 10 foizdan ortiqqa oshishi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini saqlab turish uchun xarajatlar 12,3 foizga kamayishi kutilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining belgilangan tartibda Senat ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan taqdimnomasiga muvofiq tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha 2019 yil uchun tasdiqlangan Davlat budjeti parametrlarini 11676,3 milliard so‘mga oshirish va 95,2 milliard so‘mga kamaytirish so‘ralgan. Masala parlament a’zolari tomonidan ma’qullandi, Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan keyin parlament a’zolari Samarqand viloyatining Samarqand shahri va Samarqand tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida, Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumanini tashkil etish hamda Qiziriq, Boysun va Qumqo‘rg‘on tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
So‘ngra senatorlar Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi holati va Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postlari faoliyatini o‘rganish natijasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar. Davlat bojxona xizmati organlarida qonun hujjatlari ijrosi holatini o‘rganishda qator muammoli masalalar aniqlanganligi, shu tufayli mazkur parlament so‘rovini yuborish zarurati yuzaga kelganligi ta’kidlandi. Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Senatorlar arzon uy-joylar qurish jarayonidagi, shuningdek, aholini tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlash jarayonidagi muammolar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborilishini ma’qulladilar.
Oliy Majlis Senati a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani ham ko‘rib chiqdilar.
Yalpi majlisda parlament yuqori palatasining vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Barcha muhokama etilgan masalalar yuzasidan Senatning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida 19 masala, shu jumladan, 10 qonun ko‘rib chiqildi. Senatorlar tomonidan ma’qullangan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy bazasini yanada mustahkamlashga, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilganligi ta’kidlandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.
O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senatining 
Axborot xizmati

 

O’zA