Berlin shahrida K.Adenauer nomidagi jamg‘arma akademiyasida Germaniya parlamenti, Federal tashqi ishlar vazirligi, tadqiqot va akademik doiralar, biznes hamjamiyati, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida “O‘zbekiston tub o‘zgarishlar jarayonida. Islohotlar siyosati: kutilayotgan natijalar va istiqbollar” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Xalqaro tadqiqotlar axborot-tahlil markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillaridan iborat delegatsiyaning Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi doirasida tashkil etildi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi matbuot xizmatidan xabar berishlaricha, davra suhbatining asosiy maqsadi GFRning siyosiy, ekspert va ijtimoiy doiralariga 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirilish jarayoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosatga doir tashabbuslarini yetkazish, shuningdek, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga oid takliflarni ishlab chiqishdan iborat bo‘lgan.
K.Adenauer jamg‘armasi boshqarmasi a’zosi Betina Adenauer O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi qabul qilinganini ijobiy baholadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tanlagan jadal va barqaror rivojlanishga qaratilgan siyosat Germaniya tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyati, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti asoslarini yanada mustahkamlash, mamlakatning xalqaro maydondagi mavqeini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar birinchi navbatda xalq manfaatlariga yo‘naltirilgani qayd etildi. Davlat boshqaruvi tizimini optimallashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, aholining davlat tomonidan taqdim etilayotgan axborot xizmatlaridan foydalanishini yengillashtirishga qaratilgan Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi yuksak baholandi va qat’iy qo‘llab- quvvatlandi.
Mamlakatimizda ma’muriy adliya tizimini joriy etish, sud hokimiyatining erkinligi va mustaqilligini yanada mustahkamlash, ichki ishlar organlarini professional xizmatga aylantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar mezbonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
GFR Bundestagi deputati Kristian Xirte Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat organlari faoliyatining transparentligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, fuqarolarning jamoat va davlat ishlarini boshqarish huquqlari kafolatini mustahkamlashga qaratilgan siyosati o‘ta muhim ekanini ta’kidladi.
Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Eduard Kinsbrunerning ta’kidlashicha, Germaniya biznes hamjamiyati Jahon banki tomonidan xorijiy valyuta bozorini erkinlashtirish, mulkchilik huquqlarini ta’minlash, raqobat muhitini yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha jadal iqtisodiy islohotlar olib borayotgan davlatlar o‘ntaligiga kiritilgan O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu O‘zbekiston va GFR o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun qulay sharoit yaratmoqda.
GFR Bundestagi deputati, parlament fraksiyasi a’zosi doktor Yoaxim Pfayfer Germaniya biznes hamjamiyatining O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlari, avvalambor, muqobil energetika va xalq xo‘jaligi energiya samaradorligini oshirish kabi istiqbolli sohalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini qayd etdi.
Germaniyalik ekspertlarning fikricha, o‘zaro munosabatlarda ulkan, ammo hali foydalanilmayotgan salohiyat mavjud. O‘zbekistonga yetakchi nemis kompaniyalarining zamonaviy texnologiyalari va sarmoyalarini jalb qilish, ta’lim va kadrlarni tayyorlash, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida yaqin kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT shafeligida joriy yil 10-11-noyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan yuqori darajadagi xalqaro anjumanning yakunlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Germaniyalik ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonning bugungi tashqi siyosati mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash uchun muhim asos hisoblanadi.
Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha mustaqil jurnalist va ekspert Birgit Vetselning fikricha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va faol sa’y-harakatlari tufayli mintaqada yangi siyosiy muhit shakllanib, bu bir tomondan yaxshi qo‘shnichilik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash, ikkinchi tomondan esa G‘arbiy Yevropa mamlakatlari sayyohlari, ishbilarmonlari va jamoatchilik vakillarining Markaziy Osiyoga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif dasturiga binoan Federal Kansler, Federal Prezident, Bundestag, tashqi ishlar, iqtisodiyot va energetika, iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik federal vazirliklari, Sharqiy Yevropa va xalqaro tadqiqotlar markazi, Germaniya tashqi siyosat jamg‘armasi idoralarida muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokoralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Xalqaro tadqiqotlar axborot-tahlil markazi tomonidan K.Adenauer nomidagi jamg‘arma, F.Ebert nomidagi jamg‘arma, Kavkaz va Kaspiy tadqiqotlari Yevropa instituti kabi qator nufuzli tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.
Tashrif yakunida O‘zbekiston Respublikasining Berlin shahridagi elchixonasida Germaniya ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.