O‘qituvchi eng obro‘li kasbga aylanmoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 27 sentabrdagi “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi.
Ana shunday fidoyi va jonkuyar insonlar qatorida farg‘onalik 10 nafar mazkur soha xodimlari ham bor.
Viloyat hokimligida ushbu mukofotlarni tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi. Unda davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev ta’lim-tarbiya sohasida mehnat qilayotgan barcha pedagog xodimlarni 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabriklab, yuksak davlat mukofotlarini Prezidentimiz nomidan tantanali topshirdi.
– Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigini eshitib, juda ham to‘lqinlanib ketdik, –deydi Quva tumanidagi 62-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktab-internatining biologiya fani o‘qituvchisi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” unvoni sohibasi Mahbuba Tursunova. – Jamiyatimizda biz o‘qituvchilarga bugungidek e’tibor hech qachon bo‘lmagan. “O‘zbekistonda eng obro‘li inson muallim bo‘lishi kerak“ degan g‘oyani amalga oshirish maqsadidagi katta sa’y-harakatlarni ko‘rib, shu kasb egasi bo‘lganimizdan faxrlanmoqdamiz. Bugun men uchun juda ham quvonchli kun. Mehnati munosib e’tirof etilganlar qatorida borligimdan xursandman. Davlatimizning yuksak mukofotlari barchamizga kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida fidokorona mehnat qilishga undaydi.

 

M. SULAYMONOV, M.QODIROV (surat), O‘zA