Eng yaxshi startap uchun 50 ming dollar beriladi

26-sentyabr kuni poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuida oʻzbekistonlik talabalar oʻrtasida “mGovAward” davlat mobil ilovalarini ishlab chiqish boʻyicha respublika tanlovining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
 
Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Birlashgan Arab Amirliklarining hukumat va kelajak ishlari boʻyicha vaziri Muhammad ibn Abdulla al-Qarqaviy boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida davlat boshqaruvini takomillashtirish, yangi yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish sohalarida hamkorlik rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash Oʻzbekiston davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biridir. Ushbu tanlov esa ularning eng noyob gʻoyalarini roʻyobga chiqarish uchun yana bir imkoniyatdir.
Birlashgan Arab Amirliklaridan kelgan sheriklar bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan tanlov talabalarning dasturlash va mobil ilovalarni ishlab chiqish borasidagi salohiyatini yuksaltirish va mustahkamlashga qaratilgan.
– Oʻzbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlari ilm-fan va maʼrifatning tarixiy markazi hisoblanadi, – dedi BAAning hukumat va kelajak ishlari boʻyicha vaziri Muhammad ibn Abdulla al-Qarqaviy. – Oʻzbekiston Ibn Sino, Xorazmiy, Buxoriy, Beruniy kabi olimlari bilan faxrlansa arziydi.
Tanlovda oliy oʻquv muassasalarining yoʻnalishidan qatʼiy nazar barcha talabalar ishtirok etishi mumkin. Buning uchun ishtirokchi uch va undan koʻp kishidan iborat jamoa toʻplab, tanlovning rasmiy veb-saytida mobil ilovaning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi yoki uning maqsadini yetkazib beruvchi videolavha va maʼlumot ilova qilingan ariza qoldirishi kerak. Ishtirokchilarga toʻliq ijod erkinligi taqdim etilgan boʻlsa-da, tanlov tashkilotchilari mobil ilovalarni ishlab chiqish uchun bir qancha yoʻnalishlar tanlab oldi. Tanlov ishtirokchilari beshta yoʻnalishdan biri – taʼlim, sogʻliqni saqlash, turizm va madaniyat, tadbirkorlik, transport va logistika boʻyicha ilova yaratishlari kerak boʻladi.
Tanlovning mukofot puli 100 ming dollarni tashkil etadi. Ushbu mablagʻ tanlov laureatlari oʻrtasida taqsimlanadi. Gʻolib 50 ming dollarni qoʻlga kiritadi, ikkinchi oʻrin sohibiga 30 ming dollar, uchinchi oʻringa esa 20 ming dollar mukofot berish koʻzda tutilgan.
Koʻchirmachilikka yoʻl qoʻymaslik maqsadida ishtirokchilar oʻz ilovalarining boshlangʻich kodini hech kimdan oʻzlashtirilmaganini aniqlash uchun ekspert tekshiruvi uchun taqdim etishi kerak boʻladi.
Gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi 2020-yil 14-mart kuni boʻlib oʻtadi.

 

Roman BONDARCHUK, OʻzA