O‘zbekiston va Pokiston Islom Respublikasi Adliya vazirliklari o‘rtasida memorandum imzolandi

Joriy yilning 25 sentabr kuni O‘zbekiston va Pokiston Islom Respublikasi Adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. 
 
Memorandum bilan fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yanada oshirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, norma ijodkorligi, yuridik xizmatlar ko‘rsatish, yuridik kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish va o‘zaro manfaatli boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.
Adliya vaziri R. Davletov mazkur memorandumning imzolanishi ikki mamlakat adliya organlari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik rivojiga yangi turtki berishini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yilda Pokiston va Hindiston Shanxay hamkorlik tashkilotining teng huquqli a’zosi maqomiga ega bo‘ldi. Pokiston Adliya vazirligi delegatsiyasi ilk bor 2017 yil 18-20 oktabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan ShHT adliya vazirlari majlisida ishtirok etdi.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

 

O‘zA