Habib Nurmagomedov 28-gʻalabasiga erishdi

Birlashgan Arab Amirligining Abu-Dabi shahrida aralash qoidalar boʻyicha oʻtkazilgan “UFC 242“ xalqaro turniri yakunlandi.
Mazkur kechaning markaziy jangida yengil vazn toifasida “UFC” kamari sohibi Habib Nurmagomedov vaqtinchalik chempion Dastin Poryega qarshi bahs olib bordi. Uchrashuv rossiyalik sportchining yaqqol ustunligida oʻtdi. Birinchi va ikkinchi raundlarda Nurmagomedov raqibini magʻlub etish imkoniyatiga ega boʻldi, ammo vaqtinchalik chempion Porye vaziyatdan chiqib ketishni uddasidan chiqa oldi. Uchinchi raundga kelib Habib Nurmagomedov texnik nokaut (boʻgʻish usuli) evaziga Dastin Poryeni magʻlub qildi.
Shunday qilib, Nurmagomedov ikkinchi bor chempionlikni muvaffaqiyatli himoya qila oldi va oʻzining 28-gʻalabasini qoʻlga kiritdi. Porye esa chempionlik kamarini yoʻqotdi. U ketma-ket 5 ta jangdan buyon magʻlubiyatga uchramayotgan edi.
Shuningdek, “UFC 242“ musobaqasida Don Medj, Omari Axmedov, Muslim Salixov, Belal Muhammad, Ottman Azaytar, Sara Moras, Zubayra Tuxugov, Joan Kaldervud, Karlos Diyego Ferreyra, Kyortis Bleyds, Islam Maxachev, Pol Felder muvaffaqiyatga erishdi.

 

Javohir TOSHXOʻJAYEV, OʻzA