Suvni chuchuklashtiruvchi uskunalar ishga tushdi

Moʻynoq tumani “Madeli” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi Poʻrlitov qishlogʻida suvni chuchuklashtiruvchi nasos stansiyasi foydalanishga topshirildi.
Orolboʻyi hududlarini rivojlantirish jamgʻarmasining 2 milliard 154 million soʻmlik mablagʻi hisobidan taʼmirlangan mazkur obyekt hududdagi 1 ming 150 nafar aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashga toʻla imkoniyat yaratadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi maʼlumotiga koʻra, tumanda 2019-yilda investitsiya dasturlari asosida jami 11 obyektda qurilish-rekonstruksiya ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.
Tegishli dastur asosida tumandagi “Talli oʻzak”, “Orol” va “Jayxun” OFYlariga 2,35 kilometr ichimlik suvi tarmoqlarini umumiy qurish hamda uchinchi bosqich nasos binosiga 2 dona nasos agregatlarini oʻrnatish rejalashtirilgan boʻlib, ushbu tadbirlarga jami 837 million soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan.
Orolboʻyi hududlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan umumiy miqdori 1 milliard 615 million soʻmlik “Boʻzotov” OFYga qarashli Shagʻirli qishlogʻida 8,9 kilometr, “Jayxun” OFYda 1,02 kilometr ichimlik suvi tarmoqlarini tortish, “Madeli” OFYning Poʻrlitov qishlogʻida 7,5 kilometr ichimlik suvi tarmoqlarini tortish ishlari olib borildi.
photo5438480159805123305.jpg

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA