Prezident Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabining yangi binosiga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabining rekonstruksiya qilingan yangi binosini borib koʻrdi.

Taʼkidlash joiz, mazkur bilim yurti raqs sanʼati boʻyicha mutaxassislar yetishtirish boʻyicha mamlakatimizdagi yetakchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Ushbu dargohni dunyoga tanitishda Mukarrama Turgʻunboyeva, Tamaraxonim, Usta Olim Komilov, Galiya Izmailova, Isoxon Akilov, Maʼmura Egrasheva, Roziya Karimova kabi mumtoz milliy raqs va balet namoyandalarining hissasi katta.

Oliy maktab tarkibida ixtisoslashgan maktab-internat, xoreografiya kolleji faoliyat koʻrsatadi. Oliy maktab bitiruvchilariga bakalavr va magistr darajasidagi mutaxassislik diplomlari beriladi. Xoreografiya jamoalari rahbari, xoreograf-pedagog, xoreograf-sanʼatshunos boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Bugungi kunda mazkur bilim maskanini bitirgan mutaxassislar mamlakatimizdagi ijodiy birlashmalar, konsert tashkilotlari, teatr jamoalari, professional ansambllar, bolalar musiqa va sanʼat maktablarida samarali mehnat qilmoqda.

Oliy maktab bilan xorijiy mamlakatlar oʻrtasidagi maʼrifiy-ijodiy aloqalar tobora kengayib, bugungi kunda AQSH, Germaniya, Fransiya, Italiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston va boshqa mamlakatlarning xoreografiya markazlari bilan keng hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida bilim olayotgan yoshlar mamlakat va bir qator xorijiy davlatlarda oʻtkazilayotgan xalqaro tanlovlar, festivallarda muvaffaqiyat qozonmoqda.

Ushbu muassasa uzoq yillar eski binoda faoliyat yuritib keldi.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 3-fevraldagi tegishli qaroriga asosan Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi binosi rekonstruksiya qilindi. Ushbu ishlarga 15 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi.

Mustaqilligimizning 28 yillik bayramiga oʻziga xos tuhfa boʻlgan oliy bilim yurtidagi katta balet zali, 2 maʼruzalar, 16 xoreografiya va balet zali, 7 musiqa, 8 auditoriya, 2 kompyuter texnologiyasi xonasi, axborot-resurs markazi, kutubxonada talabalarning taʼlim olishlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Bundan tashqari, 300 oʻrinli yotoqxona, 100 oʻrinli oshxona faoliyat koʻrsatmoqda.

– Xorijiy davlatlarda shu kabi sanʼat maskanlarini koʻrganimda, biz ham shunday joylarda mashgʻulot oʻtkazarmikanmiz, deb orzu qilardim, – deydi murabbiy Yelena Nodirova. – Bugun orzuimizga yetdik. Bundan, ayniqsa, talabalar xursand. Sababi, xoreografiya mashgʻulotlari oʻtadigan eski zalimiz talabga javob bermay qolgandi. Natijada jarohat olish holatlari uchrab turardi. Hozirgi zalimiz, keng va yorugʻ. Eng zamonaviy uskunalar bilan oʻrnatilgan. Bizga shunday sharoit yaratib berilganidan minnatdormiz.

Shavkat Mirziyoyev bu yerdagi sharoit, muhit va yutuqlarni mamlakatimizning boshqa joylarida ham tatbiq etish, hududiy maktablar tashkil etib, ularni Oliy maktabga biriktirish, ustoz-shogird anʼanasini mustahkamlash zarurligini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari bilim yurtining oʻqituvchi va murabbiylari bilan suhbatlashdi. Milliy sanʼatimizga eʼtibor, bu sohada yangi taʼlim maskanlari qurish va ustozlar mehnatini ragʻbatlantirish ishlarini izchil davom ettirish lozimligi qayd etildi. “Bahor” raqs ansamblining qayta tiklanishi soha vakillariga katta quvonch bagʻishladi.

Oliy maktab ijodkorlari uchun dam olish maskani tashkil etish va avtobus ajratish boʻyicha topshiriq berildi.


 

Ziyodulla JONIBEKOV, OʻzA