Mustaqillik bayramiga bag‘ishlandi

O‘tgan dam olish kunlari poytaxtimizdagi ko‘p tarmoqli “Humo Arena” muz saroyida xokkey bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro o‘rtoqlik turniri bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada Rossiyaning “Premer” jamoasi hamda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan “Toshkent” va “Humo” klublari faxriy xokkeychilari qatnashdi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov so‘zga chiqib, xokkey bo‘yicha ham xalqaro maydonda munosib o‘rin egallash, dunyo peshqadamlari bilan tengma-teng raqobatlashadigan darajaga chiqish uchun O‘zbekiston jahonning yetakchi xokkey darg‘alari tajribasini o‘zlashtirishga intilayotganini qayd etdi.
photo5413750073122204116.jpg
Bu borada barcha sohalar bo‘yicha doimiy hamkorlarimizdan biri – Rossiya Federatsiyasi bilan yaqin munosabatlar yo‘lga qo‘yilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda Tungi xokkey ligasi vakili, Rossiyaning “Premer” klubi tomonidan mamlakatimizda xokkeyni qayta tiklash va yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan amaliy ishlarda bevosita ishtirok etayotgani quvonarli.
photo5413750073122204115.jpg
Mazkur turnir doirasida o‘tkazilgan birinchi o‘yin – “Premer” va “Toshkent” jamoalari uchrashuvi juda murosasiz kechganligini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Asosiy vaqt 3:3 – durang natija bilan tugab, g‘olib aniqlanmagani ham fikrimizni isbotlaydi. Faqat bullitlar seriyasidagina maydon egalari omadliroq chiqib, yakuniy 4:3 hisobi qayd etildi. Ikkinchi o‘yin ham keskinlikda birinchisidan qolishmadi. Bu gal O‘zbekistonning “Humo” klubi bilan kechgan uchrashuvda “Premer” qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, g‘alabaga erishdi – 7:6.
photo5411310316949711776.jpg
Shu tariqa, kutilganidek, o‘rtoqlik turnirida do‘stlik g‘alaba qozondi. Eng muhimi, mamlakatimizdagi xokkey muxlislari ikki kun davomida yana bir sport bayramiga guvoh bo‘lishdi.
photo5413750073122204118.jpg
Darhaqiqat, O‘zbekistonga katta xokkey qaytdi!

 

O‘zA