Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Andijon davlat universitetining arxiv mudiri G.M. fuqaro Z.N.dan uning oʻzini hamda tanishlari D.M. va M.Yu.larni mazkur universitetning “Tasviriy sanʼat” yoʻnalishi boʻyicha “sirtqi” boʻlimiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga har biri uchun 4.000 AQSH dollari talab qilib, jami 12.000 AQSH dollarini oʻz xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan, deyiladi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabarida.
Mazkur holat yuzasidan G.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Yuqoridagi kabi turli noqonuniy yoʻllar bilan oʻqishga kiritishga vaʼda berib, tamaʼgirlik qilayotgan fuqarolar yoki mansabdor shaxslarga duch kelsangiz, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining qisqa raqamli 10-07 yoki Departamentning 71-233-10-07 raqamli tun-u kun ishlovchi ishonch telefonlariga murojaat etishingiz soʻraladi.
OʻzA