Mahallalarda oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha 9 mingdan ortiq mutaxassis ish olib bormoqda

Poytaxtimizda Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiya ijrosi yuzasidan mamlakatimizda olib borilgan ishlar muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuv oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan uchrashuvda tegishli vazirlik va idoralar, jamoat va xalqaro tashkilotlarning mutasaddilari ishtirok etdi.
Xotin-qizlar manfaatlarini himoyalash, ularning jamiyatda kechayotgan islohotlar jarayonidagi faolligini yanada kuchaytirish, har jihatdan qoʻllab-quvvatlash masalasi yurtimizda kechayotgan tub oʻzgarishlarda ustuvor oʻrin egallaydi. Davlatimiz rahbarining 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmoni xotin-qizlarning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj boʻlgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatish, opa-singillar bandligini taʼminlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etishga doir ishlarni yangicha asosda yoʻlga qoʻyishda muhim huquqiy asos boʻlmoqda.
Maʼlumki, xotin-qizlarning teng huquqli boʻlishiga erishish yoʻlida 1979-yil 18-dekabrda muhim qadam qoʻyilgan edi. Shu kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh assambleyasi Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiyani qabul qildi. 30 ta moddadan iborat boʻlgan konvensiyada, barcha xotin-qizlarning teng huquqligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan xalqaro-huquqiy shakldagi tamoyillar va choralar aniqlab berilgan.
Oʻzbekiston mazkur konvensiyani 1995-yilda qabul qilgan va uning ijrosi yuzasidan mamlakatimizning 5 ta davriy maʼruzasi BMTning CEDAW qoʻmitasida muhokamaga qoʻyilib, xotin-qizlarning holatini yanada yaxshilash boʻyicha zarur tavsiyalar belgilangan.
2019-yil noyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan BMTning CEDAW qoʻmitasida (Jeneva shahri) Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish konvensiyasining bajarilishi boʻyicha 6-davriy maʼruzasi taqdim etiladi. 5-davriy maʼruzasini koʻrib chiqish yakunlariga koʻra CEDAW qoʻmitasi tavsiyalarini bajarish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Milliy harakatlar rejasi qabul qilingan.
Mazkur konvensiya yurtimizda xotin-qizlarga oid qabul qilingan milliy qonunchilikka uygʻunligi bilan ahamiyatlidir. Yuqorida nomi keltirilgan farmonga muvofiq yurtimizda Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi. Qizlar, oʻsmir qizlar salomatligi, taʼlim olishiga oid ishlar yanada takomillashtirildi. Joylarda ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, shu jumladan, nogironligi boʻlgan ayollarni oʻz vaqtida aniqlash, ular bilan yakka tartibda hamda aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlarni olib borish boʻyicha muayyan tizim yoʻlga qoʻyildi. Yurtimizning turli hududlarida ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha biznes inkubatorlar faoliyati keng yoʻlga qoʻyildi. Mahallalarda xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha 9 mingdan ortiq mutaxassis ish olib bormoqda.
Uchrashuvda jamiyat rivojida ayollarning oʻrni, onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan qonunlar yaratilishi, fidoyi, yuksak salohiyatli, izlanuvchan, bilimdon, oʻz kasb-korining ustasi boʻlgan xotin-qizlarning jamiyat ijtimoiy hayotidagi faolligini oshirish, xotin-qizlarning huquqiy, ijtimoiy, madaniy manfaatlarini muhofaza qilish, ularning faoliyatiga xalaqit berayotgan toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha fikr yuritildi. Shuningdek, xotin-qizlarning bandligi masalasini hal qilishga koʻmaklashish, mehnat qilish va dam olishini tashkil etish kabi masalalar boʻyicha fikr almashildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Elmira Bositxonova soʻzga chiqdi.

 

Nazokat USMONOVA, OʻzA