981 mahallada maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etishga ehtiyoj bor

Oliy Majlis Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining majlisida Maktabgacha taʼlim vazirligining 2019-yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilishi belgilangan maqsadli vazifalarni bajarish yuzasidan hisoboti eshitildi.
Mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, maktabgacha taʼlim muassasalarining davlat va nodavlat tarmogʻini kengaytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash, bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalari bilan qamrab olishni keskin oshirish, taʼlim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali farzandlarimizni intellektual, maʼnaviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash yoʻnalishida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, bugungi kunda vazirlik tizimidagi 9 ming 774 maktabgacha taʼlim muassasasida 1 million nafardan ziyod bolalarga 81 mingdan ortiq pedagog taʼlim va tarbiya berib kelmoqda. Ularning aksariyati yoki qariyb 70 foizi oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlgani uchun vazirlik tomonidan bolalar bogʻchalarini bosqichma-bosqich oliy maʼlumotli kadrlar bilan taʼminlash ishlari olib borilmoqda.
Xususan, vazirlik taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi “2019/2020 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ushbu maqsadlarga bakalavr bosqichining kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllariga jami 6 ming 400 tadan ziyod kvotalar ajratildi.
Sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari soni ham ortib bormoqda. Hozirgi kunda 3 ming 942 nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi mavjud boʻlib, ular faoliyatini yanada ragʻbatlantirish maqsadida bunday faoliyat turini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 29-apreldagi tegishli qarori bilan cheklanmagan muddatga beriladigan boʻldi.
Maktabgacha taʼlim muassasalarini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida tadbirkorlar tomonidan autsorsing asosida xizmat koʻrsatish tizimi joriy etildi. Jumladan, bugungi kunda 266 maktabgacha taʼlim muassasasida 60 tadbirkor tomonidan 63 ming 760 tarbiyalanuvchiga oziq-ovqat tayyorlash xizmati koʻrsatib kelinmoqda.
Qayd etilganidek, 2019-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturi doirasida 461 maktabgacha taʼlim muassasasida qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Majlisda sohaga doir dolzarb masalalar hamda vazirlik faoliyatini oʻrganish chogʻida aniqlangan xato va kamchiliklar qizgʻin muhokama qilindi.
Xususan, bugungi kunda 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan 1,5 milliondan ortiq bola yoki ularning 60 foizi maktabgacha taʼlim muassasalariga jalb etilmay qolmoqda. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida olib borilayotgan keng koʻlamli qurilish ishlari natijasida yangi qurilayotgan uylar atrofida maktabgacha taʼlim muassasalariga boʻlgan ehtiyoj oshib bormoqda. Ayni vaqtda hududlarda 981 ta mahallada maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etishga ehtiyoj borligi majlisda alohida taʼkidlandi.
Joylardagi tuman maktabgacha taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularda zamonaviy sharoitlarni taʼminlash yoʻnalishida vazirlik tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar majlisda atroflicha muhokama qilindi. Xususan, koʻpgina muassasalarda kompyuter vositalari bilan taʼminlash va ularni internet tarmogʻiga ulash bilan bogʻliq ishlar oʻz nihoyasiga yetmagan. Ayniqsa, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida mazkur topshiriq toʻliq bajarilmagan.
Majlisda muhokama etilgan masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

Nurillo NASRIYEV, OʻzA