Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
2019-yil 22-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash maqsadida koʻrib chiqilgan bir qator qonun loyihalari siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yigʻilishlarida ham dastlabki tarzda qizgʻin muhokama qilingan edi.
Shu bois, deputatlar ishni “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini batafsil koʻrib chiqishdan boshladilar. Qayd etilganidek, ushbu loyihaning asosiy maqsadi mamlakat ilm-fani va ilmiy salohiyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotni rivojlantirishda fan-texnikaning hissasini oshirish, bajarilayotgan ilmiy tadqiqotlarning sifati va samaradorligini yuksaltirish, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi oʻzaro uzviylikni mustahkamlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Hukumat tomonidan “Fan toʻgʻrisida” nomi bilan palataga kiritilgan loyihani ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida u 10 ta modda bilan toʻldirilib, loyiha 48 ta moddadan iborat boʻldi. Asosiy tushunchalarni qamrab olgan moddadan voz kechilib, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga doir oʻta ahamiyatli holatlar alohida moddalarda toʻgʻridan-toʻgʻri meʼyorlashtirib qoʻyildi. Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida hal qiluvchi ahamiyatga ega masalalar – ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari, davlat maqsadli dasturlari, davlat hududiy dasturlari, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishning uzviy bogʻliqligiga oid yangi moddalar kiritildi. Shuningdek, ilk bor ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini moliyalashtirish masalasi qonun darajasida belgilab qoʻyilmoqda.
Deputatlar mazkur qonunning qabul qilinishi ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat sohasidagi huquqiy, moliyaviy, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning tartibga solinishida huquqiy asos boʻlib xizmat qilishini qayd etdilar.
Shundan soʻng “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokamasiga oʻtildi. Taʼkidlanganidek, mazkur loyihada valyutani tartibga solish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy choralarning ustuvorligi, valyuta operatsiyalariga davlat organlarining noqonuniy aralashuviga yoʻl qoʻyilmasligi, valyuta kursini aniqlashda faqatgina bozor mexanizmlari qoʻllanishini nazarda tutuvchi qoidalar belgilanmoqda. Shuningdek, amaldagi qonundagi baʼzi normalar oʻzining dolzarbligini yoʻqotgani sababli tubdan qayta koʻrib chiqilmoqda.
Deputatlarning fikricha, xorijiy valyutani erkin sotib olish va sotish imkoniyati va milliy valyuta ayirboshlash kursi bozor mexanizmlaridan foydalangan holda belgilanishi mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ichki va tashqi bozordagi raqobatdoshligi va rentabelligini oshirish bilan bir qatorda, mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni koʻpaytirish, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan yangi texnologiyalar va bilimlarni jalb qilish, eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Majlisda bahs-munozaralarga boy boʻlgan masalalardan yana biri – ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilgan “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi boʻldi. Aytib oʻtilganidek, amaldagi qonunning ayrim normalari xalqaro standartlarga mos kelmasligi, Markaziy bank banklar faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish borasida yetarli vakolatlarga ega emasligi natijasida tizimda tartibsizliklarga chek qoʻyish qiyin kechmoqda. Taklif etilayotgan, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi normalarni oʻz ichiga olgan, ilgʻor xorijiy tajriba, umumeʼtirof etilgan normalar va standartlar asosida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan bank tashkil etish uchun dastlabki ruxsat berish, uni davlat roʻyxatiga olish va faoliyatini litsenziyalash tartibi, shuningdek, investorlar Markaziy bank ruxsatini olmasdan bank aksiyalarini sotib olishi tartibi takomillashtirilmoqda. Bankni qayta tashkil etish, litsenziyani chaqirib olish asoslari, banklar faoliyatini toʻxtatish va ularni tugatish, shu jumladan, ixtiyoriy va majburiy tugatish hamda tugatuvchining vakolatlari va majburiyatlari ham belgilanmoqda. Banklar faoliyatini tartibga solish tizimi takomillashtirilmoqda.
Deputatlarning fikricha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi respublika bank tizimining barqarorligini oshirishga, banklar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhiti yaratilishiga, omonatchilar hamda bank xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Shundan soʻng koʻrib chiqilgan “Fuqarolik holati dalolatnomalari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasi ham qizgʻin kechdi. Hozirda mamlakatimizda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishni huquqiy tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, kodekslar (Fuqarolik va Oila kodeksi), qonunlar, qonunosti hujjatlari, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar hamda xalqaro shartnomalar va kelishuvlar normalariga muvofiq amalga oshiriladi. Shulardan koʻrinib turibdiki, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tartib-taomillari, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etuvchi organlarning huquqiy maqomi va vakolatlari, FHDYO organlarining oʻzaro hamkorlik, faoliyatini muvofiqlashtirish tartibi qonun darajasida aniq belgilanmagan.
Ana shu hayotiy ehtiyojdan kelib chiqib palataga kiritilgan qonun loyihasi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etuvchi barcha organlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, FHDYO organlari xodimlarining fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish boʻyicha xizmat koʻrsatish jarayonidagi javobgarligini belgilashga imkon beradi, shuningdek, barcha fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tartibini aniqlashtiradi.
Uzoq davom etgan bahs-munozara, tortishuvlardan soʻng mazkur loyiha deputatlar tomonidan konseptual jihatdan qoʻllab-quvvatlanib, birinchi oʻqishda qabul qilindi.
Majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokamasi munozaralarga boy kechdi.
Sud faqat jazo tayinlovchi organ degan eski tushunchalar, qonun normalari esa, shunday jazolarni qoʻllash uchun huquqiy asos degan notoʻgʻri talqinlar deputatlarning soʻnggi yillardagi qator saʼy-harakatlari tufayli oʻzgarayotgani, jamoatchilik tomonidan deputatlarning qator takliflari, tashabbuslari qoʻllab-quvvatalanayotgani sir emas. Ushbu qonun loyihasi ustida olib borilgan ishlarda deputatlarimiz sud ham, qonunlar ham adolat oʻrnatishga xizmat qilishi zarur, degan gʻoyaga suyanib, uni takomiliga yetkazdilar. Loyiha muhokamasi davomida uning asl mohiyatini saqlab qolishga harakat qildilar. Shuning uchun majlisda koʻrib chiqilgan qonun loyihalari ichida eng koʻp ovoz toʻplab qabul qilingan hujjatlardan biri mazkur loyiha boʻldi.
Loyiha sud tomonidan jarima solish toʻgʻrisidagi qaror topshirilgan sanadan boshlab oʻn besh kun ichida jarima miqdorining yetmish foizi huquqbuzar tomonidan ixtiyoriy ravishda toʻlangan taqdirda u qolgan summani toʻlashdan ozod etilishini nazarda tutuvchi maʼmuriy jarima solish toʻgʻrisidagi qarorlarni ijro etishning soddalashtirilgan tartibini joriy etishni nazarda tutadi. Maʼmuriy jarima solish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest keltirilganda, maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida xuddi shunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganida qoʻllanilmasligi qayd etib oʻtilgan.
Deputatlarning qayd etishicha, taklif qilinayotgan oʻzgartirishlarning amaliyotda qoʻllanishi fuqarolarni tayinlangan jarimalarni oʻz vaqtida toʻlashga ragʻbatlantiradi, ular uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratadi, shuningdek, mablagʻlar oʻz vaqtida Davlat byudjetiga kelib tushishini taʼminlaydi.
Majlisda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati
OʻzA