Hukumatlararo komissiya majlisi

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida 17-iyul kuni Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Afgʻoniston hukumatlararo komissiyasi majlisi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo-sanoat, sarmoya, energetika, neft-gaz, bojxona, transport va transport kommunikatsiyalari, temir yoʻl, aviatashuv, mashinasozlik, elektr texnikasi, qurilish, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika sohalarida faoliyat koʻrsatayotgan vazirlik va idoralari, kompaniyalar, ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Komissiya hamraislari – Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo va investitsiyalar vaziri Sardor Umurzoqov va Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidentining katta maslahatchisi, moliya vaziri Muhammad Humoyun Qayumiy mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo, iqtisodiyot, transport va energetika, taʼlim sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
Oʻzbekiston bugungi kunda Afgʻonistondagi qurilish, energetika, togʻ-kon sanoati va taʼlim sohalaridagi loyihalarda ishtirok etib kelmoqda. Mamlakatimizning yordami bilan Afgʻonistonda koʻpriklar, yuqori voltli elektr liniyalari, optik-tolali kabel liniyalari, suv taʼminoti tarmogʻi barpo etildi. Hayratondan Mozori-Sharifgacha temir yoʻl liniyasi qurildi. “Surxon – Puli – Xumri” elektr uzatish liniyasining qurilishi boʻyicha kelishuvlar ikki mamlakat oʻrtasida energetika sohasidagi hamkorlikda yangi sahifa ochdi. Navbatdagi qoʻshma loyiha Mozori-Sharif – Shibirgʻon – Maymana – Hirot temir yoʻlini birgalikda barpo etishdir.
Mamlakatimizdan Afgʻonistonga elektr energiyasi, meva-sabzavotlar, neft mahsulotlari, mineral oʻgʻitlar eksport qilinmoqda. Oʻzbekistonda afgʻonistonlik sarmoyadorlar ishtirokida tuzilgan qator korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda. Ular savdo, xizmat koʻrsatish, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda ish yuritmoqda.
Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidentining katta maslahatchisi, komissiya hamraisi Muhammad Humoyun Qayumiy iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha foydalanilmagan imkoniyatlar koʻp ekanini taʼkidladi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun amaliy chora-tadbirlar koʻrilib, temir yoʻl, tranzit va boshqa toʻlovlar tarif narxlarining tushirilayotgani oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini sezilarli oshirish uchun yanada qulay sharoit yaratayotgani qayd etildi.
– Oʻzbekistonda iqtisodiyotni diversifikatsiyalash va sanoatni modernizatsiyalashga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli islohotlar eʼtiborga molik, – dedi Muhammad Humoyun Qayumiy. – Komissiya majlisi ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish, istiqbolli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama etish uchun qulay imkoniyat boʻldi. Oʻzbekiston bilan savdo, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport va kommunikatsiyalar kabi sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Afgʻonistonga yaqinda amalga oshirgan tashrifi chogʻida qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, Afgʻonistonda yetishtirilayotgan paxta xomashyosini sertifikatlash, oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha kadrlarni tayyorlash, pestitsidlarni yetkazib berish, qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashga yordam koʻrsatish va tajriba almashishlarni tashkil etishga doir kelishuvlarga erishilgan edi.
Majlisda oliy darajadagi uchrashuvlar, shuningdek, turli maqomdagi delegatsiyalarning oʻzaro tashriflari chogʻida erishilgan kelishuvlarni samarali roʻyobga chiqarish masalalari muhokama qilindi. Oʻzbekiston bilan Afgʻoniston oʻrtasida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish, keng koʻlamli savdo-iqtisodiy, transport va energetika sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Afgʻoniston delegatsiyasi Oʻzbekistondagi yangi iqtisodiy siyosat samarasi, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar jalb qilish uchun yaratilayotgan sharoit, yurtimizning eksport salohiyati, industrial zonalardagi imkoniyatlar bilan tanishtirildi. Oʻzaro hamkorlikni yanada faollashtirish uchun mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solish lozimligi taʼkidlandi.
Majlisda oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish masalalari haqida soʻz yuritildi. Energetika, yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi, togʻ-kon sanoati, metallurgiya, mashinasozlik, taʼlim va boshqa qator sohalarda oʻzaro manfaatli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, Afgʻonistonga elektr, maishiy, qishloq xoʻjaligi texnikasi va uskunalarini eksport qilish, birgalikda oʻzaro foydali loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishdagi istiqbolli vazifalar koʻrib chiqildi.
Afgʻoniston delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida Oʻzbekiston – Afgʻoniston davlat va xususiy sektorlari vakillari muloqotining ikkinchi davrasi, qoʻshma biznes-forum va ixtisoslashtirilgan koʻrgazma ham boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbirlarda Afgʻoniston rasmiy va biznes doiralarining yuzdan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Xususan, “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida tashkil etilgan koʻrgazma sanoatning turli tarmoqlarida, shuningdek, tibbiyot, farmatsevtika sohalarida oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishish imkonini berdi. U mamlakatimizda ishlab chiqariladigan yuqori sifatli mahsulotlarni Afgʻoniston bozoriga yetkazib berish, hamkor mamlakat iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish masalalarini muhokama qilish uchun ham qulay platforma vazifasini oʻtadi.
Afgʻoniston delegatsiyasi aʼzolari shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida, turli vazirlik va idoralarda tashkil etilgan muzokaralarda ishtirok etdi.

 

Ulugʻbek SHONAZAROV, OʻzA